Bobur ijodiga bir nazar
Bugun “Yer resurslari va kadastr” fakulteti talaba-yoshlari oʼrtasida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligiga bagʼishlab "Qalbimizda mangu yashar buyuk siymolar" deb nomlangan adabiy-badiiy kecha boʼlib oʼtdi. Unda fakultet dekan muovini S.Аbdurahmonov, Yoshlar bilan ishlash boʼyicha dekan muovini H.Eshova, xotin-qizlar masalalari boʼyicha dekan maslahatchisi Z.Xafizova, fakultet tyutorlari M.Turgʼunova, А.Haydarov hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirda ulugʼ mutaffakkir va sarkarda xotirasi yodga olindi. Faol iqtidorli talaba-yoshlar tomonidan nafis ruboiy va gʼazallardan namunalar oʼqish bilan birga ajoyib sahna koʼrinishlari goʼzal raqslar namoyish etildi. Maʼlumki, isteʼdodli shoir hamda davlat arbobi Bobur adabiyot, tarix, musiqa va sanʼatdan yaxshi xabardor boʼlgan. U ijod ahliga, kasbu hunar sohiblariga samimiy ehtirom koʼrsatib homiylik qilgan hamda ularni moddiy va maʼnaviy ragʼbatlantirib borgan. Ijod va sanʼat ahliga bunday mehrli munosabat aslo bejiz boʼlmagan. Umrining to oxirigacha samarali ijod qilishdan toʼxtamagan Zahiriddin Muhammad Bobur butun dunyo ahliga boy ilmiy va adabiy meros qoldirdi. Buyuk ajdodimiz tavalludining 541 yilligi munosabati bilan oʼtkazilgan ijodiy kechada talaba-yoshlarda Temuriylar sulolasi vakili Bobur Mirzoning shoh va shoir sifatida qilgan ishlari, o`zidan keyin qoldirgan boy meʼrosi haqida gapirilib, uning asarlarini oʼqib, o`rganish inson maʼnaviy dunyosining boyishiga xizmat qilishi taʼkidlandi. Bugungi oʼtkazilgan tadbir barchaga manzur boʼldi.
Universitet matbuot xizmati