TIQXMMI yangiliklari

img
08.02.2024

Millat ma’naviyatining quyoshi

Buyuk mutafakkir, olim, g‘azal mulkining sultoni, o‘zbek tilining asoschisi Alisher Navoiy barcha davrlarda turk dunyosi tomonidan “shams ul-millat” ya’ni “millat quyoshi” deb e’zozlab kelingani bejiz emas. Butun umrini turkiy til mavqeini yuksaltirish, turkiy adabiyot imkoniyatlarini dunyoga tan oldirish, jamiyatda haqiqat va adolat mezonlarini qaror toptirishga bag‘ishlagan bobokalonimiz bu e’tirofga to‘la-to‘kis munosib va haqlidir.

Universitetimizning madaniyat saroyida "Gidrotexnika qurilishi" fakultetining tashkilotchiligida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir Alisher Navoiyning 583-yilligiga bag‘ishlandi.

Tadbirni universitetimiz rektori Bahodir Mirzayev o‘zlarining kirish so‘zi bilan ochib berdi. Navoiyning hayoti va ijodiyotiga bugungi kundagi hukumat miqyosidagi e’tibor va adib asarlarining ko‘p ming nusxalarda chop etilayotgani borasida so‘zladi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, iqtidorli shoir Mansur Jumayev Navoiy dahosiga, zakosiga ehtirom yuzasidan so‘z ochib, o‘zining she’rlaridan namunalar o‘qidi. Keyin esa taniqli san’atkorlar ijrosida ulug‘ shoirning she’rlari asosida yaratilgan qo‘shiq va ashulalar yangradi. Ayniqsa, talaba va tyutorlarimizning sahnaviy chiqishlari ko‘pchilikni o‘ziga rom etdi.

 Endi esa hazrat dahosi haqida ikki og‘iz so‘z. U o‘z davrida ham juda katta hurmatga ega bo‘lgan. «Xamsa» asarini o‘qib hayratga tushgan Husayn Boyqaro u ulug‘ zotni e’zozlab, o‘zining yaxshi ko‘rgan oq otiga mindirib «Turkiy tilda shunday «Xamsa» yozganligingiz uchun menday podshoh sizga jilovdor murid bo‘lsa arzigay» degani tarixdan ma’lum.

Shuning uchun ham hazrat Navoiyning dahosi va zakosi boy adabiy merosi biz uchun har doim mayoq va yo‘lchi yulduzdir. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ma’naviyat va ma’rifat, davlat tili masalalariga daxldor chiqishlarida doimo Navoiyning hikmatli so‘zlari va ruboiylaridan iqtiboslar keltirishlarida ham u ulug‘ zotga hurmat va ehtirom borligini anglash qiyin emas. Muhtaram Prezidentimizning uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan bugungi kunda buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy va ularning timsolida o‘zbek adabiyoti va madaniyatini chuqur o‘rganish hamda ommalashtirishdek ulug‘vor ishlarga kamarbasta bo‘layotgani katta ehtiromga munosibdir.

Alisher Navoiy butun ijodi davomida ulug‘ bir maqsad – turkiy tilni jahonning eng mukammal va mumtoz tillari darajasiga yetkazishga intildi. «Mezon ul-avzon», «Munshaot», «Mahbub ul-qulub» asarlari ham mana shu ezgu maqsad yo‘lida yaratilgandir.

Alisher Navoiy eski o‘zbek adabiy tilini yaratar ekan, bir tomondan, o‘zidan oldin mavjud bo‘lgan adabiy tillarning an’analarini o‘zlashtirish bilan birga, ikkinchi tomondan, o‘sha davrda «turk ulusi» deb atalgan hamma xalqlar va qavmlarning turli-tuman lahja va shevalari asosida yagona bir adabiy tilni yaratishga muvaffaq bo‘ladi.

Ana shuning uchun ham u: “Turk nazmida chu tortib men alam, Ayladim ul mamlakatni yakqalam”, – deb yozganida tamoman haqli edi.

Bu esa ayni paytda Prezidentimiz rahnamoligida bugungi kunda olib borilayotgan turkiy tilli davlatlarning sammitidagi do‘stlik, tinchliksevarlik va hamkorlik siyosatiga hamohangdir. 

Navoiyning ushbu o‘giti butun dunyoga tinchlik g‘oyalari bilan uzviy bog‘liq holda aks sado beradi.

“Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,

Yor o‘lung bir-biringizgaki erur yorlig‘ ish!”

Bugungi kunda universitetimizda filologiya yo‘nalishidagi talabalar ham shoir ijodini puxta o‘rganib borayotgani, o‘z tiliga bo‘lgan mehri yuqori ekanligidan dalolatdir.

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 583-yilligi munosabati bilan so‘z yuritarkanmiz, davlatimiz rahbarining ushbu hikmatli  ta’birini keltirish joizdir. “Uchinchi renessansga qadam qo‘yayotgan bugungi kunda Alisher Navoiyga bo‘lgan ehtirom millat taraqqiyotiga bo‘lgan munosabatning asosiy poydevori sifatida asrlar osha millat ma’naviyatining quyoshi bo‘lib porlayversin.”

 

              Universitet matbuot xizmati