Tozalikning inson ruhiyatiga ta'siri
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti psixologi M.K.Muhammedova va “Energetika” fakulteti tyutori D.Xudoynazarovalar hamkorlikda talaba qizlarni bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda momolarimizdan meros tozalikka rioya qilishning inson ruhiyatiga ta'siri haqida psixologik tavsiyalar berish maqsadida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti 3-Talabalar turar joyi “Energetika” fakulteti talaba qizlari bilan “Tozalikning inson psixologik holatiga ta'siri” mavzuida suhbat tashkil etdilar. Dinimizda poklikka alohida urg'u berilgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida hovlilarni toza tutishga buyurganlar. Shu o'rinda bir tafakkur qilaylik, hovlilarni ozoda tutishga dinimizda bu qadar e'tibor berilgan ekan, uylarning ichi haqida nima deyish mumkin? Tabiiyki, uylarning ichki qismlarining tozaligi dinimizda yanada muhimroq o'rinda ekani shubhasizdir. Uy yig'ishda oddiy elementlardan bo'lgan chang artish yoki kiyimlarni shakafga taxlash ham inson ruhiyatida tinchlik, osoyishtalik tuyg'usini paydo bo'lishiga sabab bo'lar ekan.
Ilmiy tadqiqotlar va psixiatrlarning fikriga ko'ra, toza uy, ozoda muhit inson psixologik holatiga kuchli ta'sir qilib, o'ziga bo'lgan ishonchni oshirib, hayotdan qoniqish hissini yaratadi. Atrofimiz tartibli bo'lsa, ishda va o'qishda faolligimiz oshadi va barcha faoliyatimizda samara bo'ladi. Shuningdek, uyni, tanamizni va kiyimlar, idishlarni toza tutish – ong, tana va ruhda xotirjamlik muhitini yaratib, ko'tarinki kayfiyat paydo qiladi. Poklik fikrning ravshanligini saqlaydi va insonni tartibli bo'lishiga yordam beradi. Tartibsizlik diqqatning chalg'ishiga, mehnat unumdorligini, konsentratsiyani pasaytirib, stressni keltirib chiqaradi. Biz kamdan-kam hollarda muammolarimiz tartibsizlikdan kelib chiqqanligini tan olamiz va hayotimizdagi boshqa omillarni ayblaymiz. Ammo shuni tushunishimiz kerakki, tozalik va ozodalikni samarali tashkil etish vaqtni, pulni tejashga yordam beradi va hayotimizga tinchlik, xotirjamlik, farovonlik olib keladi. Suhbat davomida qizlarga qiziqarli ma'lumotlar berildi. Qizlarning xonalari, oshxonalar ko'zdan kechirib chiqildi. Va barcha qizlarga ozodalik, poklikka rioya etish borasida foydali tavsiyalar berildi.
Universitet psixologi M.K.Muhammedova va “Energetika” fakulteti tyutori D. Xudoynazarovalar axboroti
“TIQXMMI” MTU matbuot xizmati