Suvning hayotimizdagi o‘rni
“Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash” kafedrasi professor – o‘qituvchilari 2024 - yilning 1-fevral kuni Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi 9-maktabga tashrif buyurishdi. Tashrif davomida maktab o‘quvchi va o‘qituvchilari bilan uchrashib “Suvning hayotimizdagi o‘rni va tejash masalalari” bo‘yicha ma’ruzalar o‘tkazdilar. O‘zbekistonlik mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, atmosfera havosining isishi davom etaversa 2030 yilga borib Respublikadagi suv resurslari 15-25% kamayadi; atmosfera havosi isiganda suvni parlanishi kuchayib, ekinlar rivojlanish davrida ko‘p marta sug’orishni talab qiladi.
Ekinlarga suv etishmasligidan hosildorlik kamayishi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 - yil 5 - yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PQ 5 qarorida belgilangan vazifalar, ularning mohiyati to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar berildi. Tadbirda ishtirok qilgan maktab o‘quvchilari va pedagoglariga “Suv resurslarini muhofaza qilish va oqilona foydalanish” to‘g‘risidagi videorolik namoyish qilindi. Shu bilan birgalikda Universitet hayoti, amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumotlar berib, maktab bitiruvchilarni universitetda oliy ta’lim olishga tashviqot ishlarini olib borishdi.
Universitet matbuot xizmati