Hissiyotlarimizni boshqarishni o'rganamiz
Joriy yilning 31 yanvar kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti psixologi M.K.Muhammedova va “Energetika” fakulteti tyutori D.Xudoynazarovalar hamkorlikda talaba yoshlarni o'z his – tuyg'u va kechinmalarini boshqarishning psixotexnik usullarini qo'llash; miyaga o'rnashib qolgan negativ fikrlardan xalos bo'lish texnikalari orqali muammoli vaziyatlarni bartaraf etish malakasini shakllantirish maqsadida “D”bino 101-xonada “Energetika” fakulteti 1-kurs 111 – guruh talaba yoshlari bilan “Salbiy his – tuyg'ularni boshqarish va ijobiy kayfiyatni yaratish” mavzuida seminar trening tashkil etdilar. Miyada salbiy fikrlarni yo'qotib, birdan pozitiv fikrlash tarziga o'tishni amalga oshirish oson ish emas. Shu tufayli bugungi seminarda talaba yoshlarga manfaatli bo'luvchi tavsiyalar va psixologik texnikalardan foydalanish yo'l-yo'riqlari o'rgatildi. Ishtirokchilarga avvalo barcha negativ fikrlar ro'yxatini tuzib olish, so'ng bir boshdan ularni pozitiv fikrlarga aylantirish kerakligi, bu ro'yxatni bir varaq qog'ozga yoki kompьyuterga yozish mumkinligi hamda barcha fikrlarni qorishtirmaslik uchun fikrlarni tasniflab olish zarurligi ta'kidlab o'tildi. Affirmatsiya ro'yxati tayyor bo'lgach, muntazam o'qib turish, ro'yxatdagi eng ta'sirchan va kuchli fikrni ajratib olib, barcha diqqatni unga qaratish lozimligi, shu bilan birga o'y-xayollarini muntazam nazoratda tutish kerakligi, noxush o'ylar chulg'ay boshlashi bilan, ularni miyadan quvib solib salomatlik, muhabbat, baxt, farovonlik haqida o'y surish lozimligi haqida tushunchalar berildi. Tadbir davomida “Mening hissiy holatim”, “Bu o'zgaruvchan dunyo”, “100 emotsional holat” kabi trening mashg'ulotlar o'tkazildi va tahlil qilindi.
Universitet psixologi M.K. Muhammedova va “Energetika” fakulteti tyutori D. Xudoynazarovalar axboroti
“TIQXMMI” MTU matbuot xizmati