TIQXMMI yangiliklari

img
25.01.2024

Istiqbolli, mustahkam rishta

O’zaro manfaat zamiriga qurilgan hamkorlik taraqqiyotga kafolat bo‘lishi tayin. Chunki har ikkala tomonning manfaati harakatlantiruvchi kuchdir. Rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlik har tomonlama imkoniyatlar eshigini ochadi.

O’ziga xos tarixga ega bo‘lgan O’zbekiston Xitoy munosabatlari bunga yaqqol misoldir. Moziyga bir nazar tashlash orqali har ikkala xalq uchun xayrli va har tomonlama manfaatli ijobiy natijalarga guvoh bo‘lish mumkin. Bu nafaqat iqtisodiy, balki xalq xo‘jaligining deyarlik barcha jabhalarida o‘zaro aloqalar bo‘lganligini ko‘rish mumkin. Bu tarixiy taraqqiyot taqozosi, aslida. Ayniqsa, madaniy sohadagi harakatlarning o‘rni ham e’tiborga molik bo‘lgan. Hazrat Navoiyning "Farhod va Shirin" dostonidagi Farhodning aynan Chin elidan ekani, tog‘u toshlarni kesib suv chiqarishi, elni obod qilishdagi harakatlarini eslashning o‘zi kifoya.

Xitoy azaldan o‘zining donishmand hikmatdonlari bilan jahonga o‘rnak bo‘lgan. Miloddan oldin yashab o‘tgan Konfutsiy, Lao Szi ta’limotlari olam va odam muammolarini hal etishda muhim ochqich bo‘lganini inkor etish qiyin. Ayni damlarda ham konfutsiychilik falsafiy tizimning asosi bo‘lganligini tan olish joiz. Uning ta’limotidagi bosh maqsad - har bir shaxsning o‘z o‘rni, huquqi bo‘lgan uyg‘un jamiyatni yaratishdan iborat. Bu hozirda ham o‘z qiymatini yo‘qotgan emas. Ayniqsa, Miloddan avvalgi 6 - 5 asrlarda yashagan xitoylik mutafakkirlardan yana biri Lao-tszining alohida o‘rni bor. U daotsizm - inson va tabiat va inson yo‘li to‘g‘risidagi ta’limotga asos solgan. Atrof - muhitga, yer, suv, havo va olovdan iborat - hayotning moddiy asosi bo‘lgan masalalarga munosabat bobidagi uning mulohazalari bugunning ham dolzarb muammolaridan ekani bilan ajralib turadi.

Insoniyatning baxti tabiat va jamiyatning yaxlitlanishi ekanini e’tirof etish uning ta’limotidagi mag‘izdir. Darhaqiqat, tabiat tana bo‘lsa, jamiyat jondir. Har ikkalasining bir butunligi tiriklik, borliq demakdir. Hayotni ham, taraqqiyotni ham ularsiz tasavvur etish qiyin.

      Xitoy - o‘zbek munosabatlarining yaqqol ko‘rinishi har ikkala mamlakatning sivilizatsiyalarida muhim rol o‘ynagani bu Buyuk Ipak yo‘lidir. O’tmishda Xan sulolasidan Chjan Szyan, Tan sulolasidan Shuan Zen va Min sulolasidan Chen - Chenlar bizning ona zaminizga kelib savdo va boshqa madaniy aloqalarning rivojiga munosib hissa qo‘shishgani tarixdan ma’lum. Ular Xitoy shoyisi va choyini malakatimizga olib kelgani haqida g‘ururlanib ma’lumot beradi Xitoy Xalq Respublikasining O’zbekiston Respublikasidagi sobiq favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze.

Bundan ko‘rinadiki, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Xitoy Xalq Respublikasi bilan olib borilayotgan hamkorlik va do‘stlik rishtalari o‘zining tagzaminiga ega. 

Yaqin yillardagi, aniqrog‘i, mustaqillik davridagi ushbu hamkorlikning, diplomatik munosabatlarning xronologik asosi ham shu fikrni tasdiqlaydi. Qolaversa, Xitoy Xalq Respublikasi 1991 yilning 27-dekabridayoq O’zbekistonimiz mustaqilligini tan olgan.

Markaziy Osiyo va Xitoy munosabatlari ildizi bir necha ming yillik tarixga borib taqaladi. Bugungi davrda ham O’zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik strategik sheriklik darajasida. Diplomatik munosabatlar 1992 yil 2 yanvardan o‘rnatilgan.

2022 yil 15 sentyabrda yangi davrda keng qamrovli strategik sheriklik o‘rnatildi. 1991 yildan buyon ikki davlat rahbarlari ishtirokida 21 ta sammit bo‘lib o‘tgani o‘zaro hamkorlikning mustahkam va istiqbolli ekanidan dalolat.

O’zbekiston Respublikasi va Xitoy o‘rtasida jami 283 ta hujjat, jumladan: 113 ta davlatlararo va hukumatlararo xalqaro shartnomalar, 82 ta idoralararo va 88 ta boshqa turdagi hujjatlarning imzolangani ham rishtaning tobora mustahkam bo‘lib borayotganligini anglatadi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti 2017 yil 11-13 may kunlari Xitoyga davlat tashrifi bilan borgani hamkorlik masalalarini yanada yuqori bosqichga ko‘tardi.

Shuningdek, O’zbekiston va Xitoy rahbari 2023−2027 yillarga mo‘ljallangan ikki davlat o‘rtasida yangi davrdagi har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish dasturini qabul qildi.

O’zbekiston va Xitoy vakillari o‘rtasida 41 ta hamkorlik hujjati imzolangani e’tiborga molik.

O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin Qo‘shma bayonotni imzoladilar va 2023−2027 yillarga mo‘ljallangan O’zbekiston bilan XXR o‘rtasida yangi davrdagi har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish dasturini qabul qildilar.

O’zbekiston va Xitoy hukumatlari o‘rtasida o‘rta ta’lim maktablari salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim ham mohiyat e’tibori bilan ahamiyatli bo‘lgani rost.

Yetakchilar tomonidan imzolangan hujjatlar orasida sohamizga bevosita va bilvosita daxldorlari ham borligi bizni mamnun etdi. Jumladan, O’zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan Xitoy Bojxona bosh ma’muriyati o‘rtasida O’zbekistondan Xitoyga eksport qilinadigan muzlatilgan parranda go‘shtining inspeksiya, karantin va veterinariya-sanitariya talablari to‘g‘risidagi bayonnoma, O’zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan Xitoy Bojxona bosh ma’muriyati o‘rtasida O’zbekistondan Xitoyga uzum eksport qilishda fitosanitar talablar va nazorat to‘g‘risidagi bayonnomalar, O’zbekiston Parrandachilik uyushmasi bilan Xitoy Chorvachilik uyushmasi o‘rtasida parrandachilik sohasidagi bitimlar hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridandir.

Sirdaryo viloyati va Shensi muzofoti o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitim imzolanganini ko‘rib beixtiyor Gulistonda davlatimiz rahbarining Prezidentlikka saylovoldi dasturidagi mulohazalari yodimga tushdi. Ular uzoqni ko‘zlovchi strateg sifatida Sirdaryoda qurilishi rejalashtirilgan bir nechta bunyodkorlik ishlari, ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish va bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin bilan gaplashib olganlarini to‘lqinlanib aytgan edilar. Kamina ham o‘sha tadbirda ishtirok etib, so‘zga chiqib bu jarayonning istiqbolli bo‘lishi va ta’lim tizimidagi hamkorlik esa sifat, samara va natijadorlikka daxldor masala ekanini bildirganida prezidentimiz bosh irg‘ab ma’qul ishorasini qilgandilar. 

Sirdaryo viloyatida «Norin GES kaskadini qurish» va Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida «Aygain GES kaskadini qurish» loyihalari texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash to‘g‘risidagi rejalar  Prezidentimiz tomonidan allaqachon alohida rejaga kiritilgan edi.

Shuningdek, elektr uzatish liniyalari va nimstansiyalarini qurish loyihasini moliyalashtirish, multimodal logistika markazini tashkil etish, O’zbekiston-Xitoy agrosanoat parkini tashkil etish, Agroinnovatsion parkni O’zbekiston-Xitoy biotexnologik klasterini tashkil etish to‘g‘risidagi muhim iqtisodiy kelishuvlar imzolanishi ham ahamiyatli bo‘ldi.

"Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universitetida xitoyliklar bilan ta’limiy jabhadagi hamkorlik allaqachon yo‘lga qo‘yilgan.

“TIQXMMI” MTU Xitoyning ko‘plab universitetlari bilan hamkorlik qilib keladi, jumladan, Xoxai universiteti, Shinjon Ekologiya va Geografiya instituti, Shimoliy-g‘arbiy qishloq va o‘rmon xo‘jaligi universiteti, Shig‘izi universitetlari bilan talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari SuperMap Software Co. Ltd, Powerchina International Group Limited, Hexie group, Tianye Group korxonalari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.

Shimoliy-g‘arbiy qishloq va o‘rmon xo‘jaligi universiteti bilan hamkorlikda 100 000 AQSh dollar qiymatga ega aqlli qishloq xo‘jaligi pilot loyihasi universitetning O’quv-ilmiy poligonida o‘rnatilgan va ushbu kichik modeli universitetning laboratoriyasida o‘rnatilgan bo‘lib, talabalarni amaliy-laboratoriya ko‘nikmalarini oshirishda foydalanib kelinmoqda.

Tianye Group korxonasi bilan hamkorlikda suv tejovchi texnologiyalar mavzusida bir haftalik ilmiy seminarlar tashkil etildi. SuperMap Software Co. Ltd korxonasi bilan hamkorlikda universitetimizda supermap dasturini o‘rgatish kurslarini tashkil etilgan.

Universitetimizdan Shohjahon Kimsanov Xitoyning Anxui universitetida 2019-2021 yillarida malaka oshirib qaytgan. Maxmud Mo‘minov 2013-2016 Xitoy fanlar akademiyasi qoshidagi Botanika ilmiy tadqiqot institutiga doktoranturada tahsil olib, PhD darajasini olgan.

Bugungi kunda Abbos Yo‘ldoshev, Abdulxay Karimov, Zoid Mirzatillayevlar Shimoliy-g‘arbiy qishloq va o‘rmon xo‘jaligi universiteti, Umid Masharipov esa Xoxay universitetining doktoranturasida tahsil olmoqda.

Universitetimizda ko‘p millatli talabalar tahsil oladi, jumladan, hozirgacha yuzlab xitoylik talabalar tahsil olgan. Ayni damda esa 14 nafar xitoylik talabalar tahsil olishmoqda.

Keyingi yillarda ikkala mamlakatlar o‘rtasidagi samimiy muloqot va hamkorliklar jadal rivojlanmoqda. O’zbekiston va Xitoy rahbarlari o‘rtasidagi munosabatlarda do‘stona bog‘liqlik yaqqol ko‘rinib turibdi. Joriy yil may oyidagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlar natijador bo‘lgani, siyosiy muloqotlar mustahkamlanib borayotgani, asosiysi ikki davlat bir-birini o‘zaro qo‘llab-quvvatlayotganining guvohi bo‘lyapmiz.

So‘zimizning isboti o‘rnida aytish joizki, Xitoy investitsiyalari hajmi 5 barobar, qo‘shma korxonalar soni 3 barobarga ko‘paygan. Aynan joriy yil hisobiga o‘zaro savdo hajmi 36 foizga oshgan, yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkich 10 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Chunki, Xitoy O’zbekistonning eng yirik savdo sherigi hisoblanadi.

Shuningdek, kambag‘allikka barham berish, xalq farovonligini oshirish va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishning bir yechimi sifatida Xitoyning kambag‘allikka qarshi kurashish tajribasini o‘rganish va amalda joriy etish borasida samarali tajriba almashish va amaliy hamkorlik qilish ko‘zda tutilmoqda.

Umuman olganda, O’zbekistonning Xitoy bilan munosabatlari sifat jihatdan yangi darajaga ko‘tarildi. Bu ikki mamlakat xalqlarining milliy manfaatlariga, hozirgi zamon talablariga to‘laligicha mos va xosdir.

Joriy yilning 25 iyun kuni Xitoyning O’zbekistondagi elchixonasi tomonidan Xitoy Kommunistik partiyasining 100 yilligiga bag‘ishlangan “Xitoy va O’zbekiston taraqqiyotida yangi bosqich” mavzusida xalqaro onlayn simpozium tashkil etilgani ham hamkorlikning yorqin ko‘rinishidir.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmati ma’lumotlariga asosan o‘sha tadbir avvalida Xitoy Xalq Respublikasining O’zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim so‘nggi yillarda XXR raisi Si Szinpin va Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida Xitoy va O’zbekistonning har tomonlama strategik aloqalari jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotgani ta’kidlab o‘tilgan. Xususan, o‘zaro siyosiy ishonch izchil mustahkamlanib, ko‘p qirrali amaliy hamkorlik chuqurlashmoqda. Natijada, madaniy-gumanitar sohadagi o‘zaro aloqalar va mintaqalararo hamkorlik kengaymoqda. O’zbekiston-Xitoy munosabatlari Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida ham samarali rivojlanib bormoqda. Bu borada ShHTning 2002 yilgi sammitida imzolangan Xartiya tashkilot faoliyatining dasturiy-me’yoriy hujjati bo‘lib, uning rivojlanishiga katta turtki berdi. Mazkur hujjat nafaqat xavfsizlik sohasi, balki savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ta’lim, madaniyat va sport, sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlik aloqalarini ham nazarda tutadi.

Madaniy-gumanitar sohada O’zbekiston-XXR munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilishiga nafaqat savdo, kommunikatsiya, balki turizm sohasi ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O’zbekistonning qadimiy tarixiy madaniyatiga oid yodgorliklari hamisha chet ellik sayyohlar e’tiborini o‘ziga jalb qilib kelgan. O’zbek-Xitoy munosabatlarida turizm sohasidagi hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratilib, 2010 yildan buyon O’zbekiston Respublikasiga Xitoy fuqarolarining guruh-guruh bo‘lib sayohat qiladigan turistik mamlakat maqomi berilgan. Xitoylik san’atkorlar har ikki yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida muntazam qatnashib kelmoqda. Mamlakatimizda o‘zaro madaniy muloqotni mustahkamlashga mo‘ljallangan Xitoy madaniyati kunlari, kino kunlari, badiiy ko‘rgazmalar, festivallar o‘tkazilmoqda.

O’zbekiston Xitoy Xalq Respublikasi bilan strategik hamkorlikni mustahkamlash, keng savdo-iqtisodiy, investitsion va moliyaviy hamkorlikni kengaytirishni o‘zaro manfaatdorlik va tenghuquqlilik tamoyillariga asoslangan ikkitomonlama munosabatlarni ustuvor yo‘nalish, deb hisoblaydi. Ikkitomonlama Savdo-iqtisodiy bitimga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi o‘rnatilgan. Keyingi uch yilda O’zbekistonning tashqi savdo sohasidagi sheriklari orasida Xitoy birinchi o‘rinni egallab kelayotgani ham fikrimiz dalilidir. Jumladan, bu borada O’zbekistonning tovar eksporti 17,7%ni, xizmatlar eksporti esa 12,8%ni tashkil etib, savdo aylanmasi 2017 yilga nisbatan 1,6 baravarga o‘sganini ko‘rish mumkin.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammitidagi nutqida O’zbekiston Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” g‘oyasini faol qo‘llab-quvvatlashi haqidagi mulohazalari ham maqsadlarning mushtarakligini anglatibgina qolmay, balki barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash, butun Markaziy Osiyoga ijobiy ta’sir ko‘rsata oladigan muhim transport va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishning muhim va ustuvor maqsadlarini ifoda etadi.

Shuningdek, mamlakatlarimizda yetakchi “aql markazlari”ning birgalikdagi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, iqlim o‘zgarishi va “yashil energetika” bo‘yicha hamkorlik masalalari Prezidentimizning doimiy diqqat markazida ekani e’tiborga molik. Davlatimiz rahbarining o‘sha sammitdagi nutqida “Bizning mamlakatlarimiz – Xitoyning “Yan-guan dovoni ortida”gi vaqt sinovlaridan o‘tgan chinakam do‘stlaridir” degan mulohazalari bu hamkorlikning istiqbolli va bardavom bo‘lishiga mezondir.

Xulosa o‘rnida shuni e’tirof etish kerakki, davlatimiz rahbarining XXRga amaliy tashrifi doirasida  har tomonlama manfaatli, samarali va natijador  ishlar amalga oshirilayotganidan mamnunmiz.

Rahimboy Jumaniyozov.

professor, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti matbuot xizmati rahbari