TIQXMMI yangiliklari

img
19.09.2022

Musiqa – insonni so'zga sig'maydigan hissiyotlari izohi

Joriy yilning 19 - sentabr kuni 7-zalda QXM fakulteti 1-kurs talabalari bilan universitet psixologi va Xor jamoasi rahbari M.K.Muxamedova, QXM fakulteti yoshlar bilan ishlash bo'yicha dekan muovini A. Borotov, QXM fakulteti tyutori J.Sadullayevlar hamkorlikda tadbir tashkil etishdi. Yig'ilish talabalarni talabalik kuniga tayyorlash: vokal san'atidan saboq berish, O'zbekiston madhiyasi va oliygoh madhini maromiga yetkazib ijro etish ko'nikmasini shakllantirish maqsadida tashkil etildi.  Ajabo! Inson mas'ud damlarida ham, miskin, anduhli chog'larida ham qo'shiq tinglagisi, yoki xirgoyi qilgisi, ahvol ruhiyasini uning yordamida izohlagisi keladi. Umrning har oni go'zal bir qo'shiqqa mengzaladi. Sevgi iztirobiga cho'mib, titroqqa tushgancha, yor vaslini umid qilayotgan oshiq, navrasta polaponidan ayrilgan mushtipar ona, Vatanni sog'inib, olislarda yurgan farzand – qo'ying-chi, yuragida dardi bor inson yurakka  yaqin, mahzun nolatlarni jo'shib tinglaydi, xirgoyi qiladi va kuylaydi.

Biz qo'shiq tinglayotgan yoki xirgoyi qilayotganimizda, kuydan o'z hissiyotlarimizga javob yoxud hamohanglik axtarayotgan ana o'sha lahzalarni sira izohlab bo'lmaydi. Chunki musiqaning o'zi – insonni so'zga sig'maydigan hissiyotlarining izohi, sharhidir. Sharhi noayon tuyg'ularni, damlarni tushuntirib bera oladigan omil – qo'shiqdir… Shunday ekan, insoniyat paydo bo'libdiki, kuyga ohangga, qo'shiqqa oshiq, hamohangdir. Biz bu yilgi talabalikka qabul qilish kechamizda talabalarimizni kuylash orqali, qalblarida Vatanga, Oilaga va oliygohimizga bo'lgan samimiyatni uyg'otish va sadoqatli bo'lish hissiyotlarini kuchaytirishni o'z oldimizga rejalashtirib, O'zbekiston madhiyasi va oliygoh madhini kuylashga azmu qaror qildik. Shu bois barcha fakultetimiz talabalari bilan har kuni vokal darsidan saboqlar olib boryapmiz. Bugungi tadbirda barcha talabalar faol qatnashishdi. O'zbekiston madhiyasi va oliygoh madhini chin qalbdan ijro etishga harakat qilishdi. Yig'ilish so'ngida talabalar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi va ko'tarinki kayfiyatda tadbir nihoyasiga yetdi.

 

Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti

TIQXMMI MTU matbuot xizmati