TIQXMMI yangiliklari

img
26.09.2022

G'iybat – ertaga to'lanadigan qarzdir

      Joriy yilning 23 sentabr kuni SXTEB fakulteti 1-kurs 104-108-guruh  talaba yoshlari bilan   universitet psixologi  M.K.Muxamedova va SXTEB fakulteti tyutorlari M.Vafoyeva, I.Ahmedovalar hamkorlikda «O'ynab gapirsang ham, o'ylab gapir» mavzusida tadbir tashkil etdilar.  Hozirgi zamonda g'iybat aktuallashib ketayotgan muammolardan biri bo'lib qolganligi tufayli yosh avlodga g'iybatning foyda va ziyonlari to'g'risida ma'lumot berishni o'z burchimiz deb hisoblaganimiz tufayli  ushbu mavzuga qo'l urdik. “G'iybatning foydali tomoni ham bo'ladimi?!”, degan savol tug'ilishi tabiiy hol. Gunoh va xato ish qilgan kishilar ustidan qilingan shikoyatlar (g'iybatlar) faqatgina ularni qaytara oladigan kishilargagina aytilgan yoki yetkazilgan taqdirda; g'iybat qilinayotgan odam shu shikoyat tufayli o'z yomon illatlaridan voz kechgan holatdagina bu “g'iybat” foydali bo'lar ekan. G'iybatning ushbu sababdan boshqalari esa inson uchun koni ziyon hisoblanar ekan. Tadbir davomida yig'ilish ishtirokchilariga quyidagi ma'lumotlar berildi: “Insoniyatning tili va undan sodir bo'ladigan illatlar bisyor. Til yordamida Alloh taologa istig'for aytiladi, Qur'oni karim tilovat qilinadi, tavba aytib, duolar qilinadi. Lekin ana shu tildan shunday gunohlar sodir bo'ladi-ki, insonning vaqti, mablag'i ketib, yiqqan savoblari behuda ketishiga sabab bo'ladi. Ana shunday gunohlardan biri – g'iybatdir.

    Insonning sha'ni borasida, uning bor bo'lgan aybi borasida uning ketidan gapirish g'iybat hisoblanadi. G'iybat odamlar o'rtasida nifoq soladigan, oilalarni yemiradigan, jamiyatni parokanda qiladigan qabih illatdir. Shu sabab Alloh taolo buni ulkan gunoh sanab, bandalarini bu ishni qilishdan qaytargan. Ammo shunday bo'lsa-da, g'iybatchilar va bu ishlarini ulkan illat hisoblamaydigan odamlar ham yo'q emas. Ayniqsa, hozirgi zamonda ko'pchilikda diniy tarbiya ahamiyatsiz qolganligi tufayli xalqimiz ichida “Suhbatning shirini – g'iybat” degan “naql” ham tarqab ulgurgani, achinarli holat albatta. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu aytadilar: «Inson poklashi kerak bo'lgan eng haqli narsa – uning tilidir. Odamlarni til ofatlaridan ogoh qilinglar». Dinimiz bizni haqiqiy poklikka chaqiradi. Yomon gap aytishni og'zimizga axlat to'plashdek his qila olganimizda edi, axlatdan jirkanganimiz kabi g'iybatdan ham jirkangan bo'lardik. Tadbir davomida talabalardan g'iybatchilikka moyillik darajalarini aniqlash uchun so'rovnoma olindi va muhokama qilindi. “G'iybat – ertaga albatta to'lanadigan qarzdir. Shuning  uchun azizlarim tilimizdan chiqayotgan so'zlarimizni nazorat qilib, qalbimizning xotirjamligini, kelajagimizni go'zal bo'lishini ta'minlash o'z qo'limizda!”-, degan jumla bilan tadbir nihoyasiga yetdi.

Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti

"TIQXMMI" MTU matbuot xizmati