TIQXMMI yangiliklari

img
11.05.2022

Yoshlardan yoshlarga ma’lumotlar va maslahatlar

Universitetimizda “Innovatsiya” guruhi deya nom olgan "Gidromelioratsiya" fakulteti “Suv xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish” taʼlim yo‘nalishining bitiruvchi kurs talabalari Аzizbek Hasanov, Rustam Ro‘zimboyev va Jahongir Muxtorov hamda "Suv xo‘jaligi va melioratsiya" ta’lim yo‘nalishining bitiruvchi kurs talabasi Javohir  Abdukarimovlar joriy yilning mart oyidan buyon Jizzax viloyatida joylashgan “VERO DRIP” zamonaviy suv tejamkor texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi hamda o‘rnatuvchi korxonada ishlab chiqarish amaliyotini olib borayotganliklari haqida aytib o‘tgan edik. Korxonada tomchilatib sug‘orish tizimining nazariy asoslarini va ishlab chiqarish jarayoni xususida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lgan talabalar ayni damda korxona xodimlari bilan birgalikda Xorazm viloyatida joylashgan klaster va fermer xo‘jaliklarida tizimni o‘rnatish ishlarida ham bevosita ishtirok etishmoqda.

Vaqtdan unumli foydalanish maqsadida talabalar 10-may sanasida Xorazm viloyati Shovot tumanida joylashgan Al-Xorazmiy nomidagi fizika va matematika fanlariga ixtisoslashgan Xalqaro maktab-internatiga tashrif buyurishdi va ushbu maktabning bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan uchrashuv tashkil etishdi.  Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad maktab-internat bitiruvchilarini taʼlimning keyingi bosqichiga jalb etish, xususan, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti haqida o‘quvchilarga ko‘proq maʼlumotlar berish bo‘ldi. Maʼlumotlar avvaldan tayyorlangan videoroliklar hamda taqdimotlar yordamida chuqurroq yoritildi. Taqdimotlarda asosan universitet faoliyati haqida umumiy maʼlumotlar, fakultetlar va taʼlim yo‘nalishlari, talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, universitetga kirish uchun imtihon topshiriladigan fanlar, o‘tgan yillardagi kirish ballari bo‘yicha ko‘proq maʼlumotlar bitiruvchilarga yetkazildi hamda bitiruvchilar tomonidan e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha maslahatlar berildi.

Аmalga oshirilgan tashrif nafaqat maktab-internat bitiruvchilari, shuningdek, maktab-internat rahbariyati va o‘qituvchilari tomonidan ham katta qiziqish bilan qarshi olindi. Qolaversa, faol talabalardan bo‘lgan Rustam Ro‘zimboyevning aynan ushbu maktab bitiruvchisi ekanligi hamda bugungi kunda universitetda ta’lim olish va amaliy ko‘nikmalarni oshirish borasida erishayotgan yutuqlari maktab-internat jamoasi va o‘quvchilarini birday quvontirdi.

 

"Gidromelioratsiya" fakulteti dekan muovini, dotsent S.Gulamov axboroti

 

"TIQXMMI" MTU matbuot xizmati