“Yoshlar haftaligi” dasturining ikkinchi kuni
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati muhim jarayon boʻlib, u yoshlar mavqei va hayoti bilan bogʻliq boʻlgan barcha jarayonlarni oʻzida mujassam etadi. Institutimiz boʻylab oʻtkazilayotgan “Yoshlar haftaligi” ham yoshlar muammolariga yechim topish, ularning orzu-istaklari bilan qiziqish, kelajaklari uchun poydevor yaratishda ko‘maklashib, ijodiy parvozlariga qanot berish, ularni qiynab kelayotgan masalalarni ijobiy hal etish, ijtimoiy-psixologik, moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish maqsadida tashkil etilmoqda.
“Yoshlar haftaligi” dasturining ikkinchi kunida talabalar uchun kompyuter savodxonligidan bellashuvlar, diqqatni jamlashga undovchi o‘yinlar, o‘zbek tilidan to‘g‘ri foydalana olish ko‘nikmalari sinovi tashkil etildi. Kompyuter savodxonligi bellashuvida har bir fakultetdan qiziqib tashrif buyurgan talabalar Word matn muharririda o‘zlariga berilgan topshiriqni tahrirlashdi. Shundan so‘ng, berilgan matnni kompyuterda tez yozish malakalari sinovdan o‘tkazildi. Matnlarni tahrirlashdan ko‘zlangan maqsad MC Word dasturining bugungi kunda ko‘p foydalanilayotgan va kelajak uchun zarur bo‘lgan imkoniyatlarini ochib berishdan iborat bo‘ldi. Kompyuter savodxonligi bellashuvi bilan bir vaqtda institut faollar zalida diqqatni jamlashga undovchi o‘yinlar ham tashkil etildi. Unda har bir fakultetdan ishtirok etgan talabalar uchun qiziqarli topishmoqlarga asoslangan o‘yin, diqqatni oshirishga undovchi musobaqalar o‘tkazildi. Yakunda esa talabalarning o‘zbek tilidan to‘g‘ri foydalana olish ko‘nikmalarini sinash maqsadida “Institut tarixi” mavzusida diktant olindi. Kun davomida tashkil etilgan bellashuvlar talabalar uchun qiziqarli bo‘lish bilan bir qatorda foydali ham bo‘ldi.
Jamiyat taraqqiyotida, yurt, millat taqdirida o‘sib kelayotgan yosh avlodning jismoniy va ma’naviy barkamolligi, intellektual salohiyati muhim o‘rin tutadi. Zero, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, barqarorlik va xalqlarning mustahkam rivojlanishiga rahna soladigan turli yangi tahdid va xavflar paydo bo‘layotgan bugungi kunda ma’naviyat va ma’rifatga, axloqiy tarbiya, yoshlarning bilim olish, kamolga yetishga intilishiga e’tibor qaratish har qachongidan ham muhimdir”.
Institut Yoshlar Kengashi axboroti
TIQXMMI matbuot xizmati