“Yoshlar haftaligi” dasturi start oldi
Institut Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tashabbusi bilan 18-noyabrdan 23-noyabrga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Yoshlar haftaligi” dasturi bugundan start oldi. Ushbu dastur mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda yoshlarning ishtirokini yanada faollashtirish, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga ko‘maklashish, eng iqtidorli yigit-qizlarni saralash, ularni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilmoqda.“Yoshlar haftaligi” dasturining rasmiy ochilish marosimi institut axborot resurs markazida bo‘lib o‘tdi. Ochilish marosimida O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Xudayarov Baxtiyar Alimovich ishtirok etdi va talabalarni O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kun bilan muborakbod etib, institut Yoshlar Kengashi tomonidan tashkil etilgan “Yoshlar haftaligi” dasturi va undan o‘rin olgan rejalar xususida o‘z fikrlarini bildirib, haftalik ishiga omad tiladi.
Shundan so‘ng “Yoshlar haftaligi” dasturiga va dasturda keltirilgan birinchi tadbir “Zakovat” intelektual o‘yiniga start berildi. “Zakovat” intelektual o‘yini fakultetlardan 2 nafardan jamoa va har bir jamoada 6 nafardan ishtirokchilar o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. O‘yinni institut yoshlar yetakchisi, Yoshlar Kengashi a’zolari, “ET va EJF” kafedrasi assistenti, Prezident stipendiyasi sohibi Akbarov Dilmurod Muhammad o‘g‘li, fakultet yoshlar yetakchilari boshqarib borishdi. Mantiqiy, ilmiy, munozarali savollar barcha jamoalarda birday qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, o‘yin davomida “Omadli talaba” shousi tashkil etildi va g‘olib talabalarga 10 dan ortiq badiiy kitoblar taqdim etildi. Yakunda esa “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” fakultetining “Sensatsiya” va “Kotta bollar” jamoalari, “Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish” fakultetining “New stars” va “Favourite” jamoalari, “Gidromelioratsiya” fakultetining “Hydro intellekt” jamoasi hamda “Qishloq va suv xo‘jaligi energiya ta’minoti” fakultetining “Rezonans” jamoasi finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. “Yoshlar haftaligi” dasturining yakunida “Zakovat” intelektual o‘yinining final bosqichi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Institutimizning barcha talabalarini “Yoshlar haftaligi”da faol ishtirok etishga, vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga, yangi do‘stlar orttirishga va yakunda qimmatbaho sovg‘alarga ega bo‘lishga chorlab qolamiz.
Institut Yoshlar Kengashi axboroti
TIQXMMI matbuot xizmati