TIQXMMI yangiliklari

img
21.07.2022

Yosh ijodkorlarga rag‘bat nishoni topshirildi

Tabiat qo‘ynidagi huzurbaxsh havo daraxt barglarining ohista shitirlashi bilan naqadar yoqimli ekanini kuni kecha "Adiblar xiyoboni"da jamuljam bo‘lgan  ijodkorlar yana bir karra his etishdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan “Xiyobon oqshomlari”da adabiyotshunoslarning davra suhbati ham uzukka ko‘z-qosh qo‘ygandek yarashib tushdi. Diydor, ustozlar suhbatiga oshiqish masofa tanlamasligi aniq. Namangandan Dilorom Ergasheva, Xorazmdan Shoira Shams, Buxorodan Go‘zal Ro‘zieva, Samarqanddan Setora Shomurodova, Jizzaxdan Komil Majid, Qo‘qondan Omon Mamadaliev, qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasidan Faridaxonim kabi ijodkorlarning tashriflaridan xuddi shu  fikrni sezmaslik mumkin emas.  Kechada O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ishtirok etib, milliy adabiyotimizni rivojlantirish yo‘lidagi jarayonlarga to‘xtaldi. Mana shunday adabiy davralarni kengaytirish va ko‘proq o‘tkazish yangi mukammal asarlarni yaratishga, yoshlarni adabiyotga, ijodga bo‘lgan mehrini, qiziqishini ortishiga xizmat qilishi lozim, - deya ta’kidladi u.  

Shundan so‘ng Sirojiddin Sayyid yosh qalamkashlar Nilufar Jabborova, Dilfuza Kamoljonova, Azamat Xudoyberganov, Dadaxon Muhammadiev, Sirojiddin Ibrohim, Ravshan Haqmurod, Sitora Tojiddinova, Furqat Alimardon, Dilmurod Akbarov va Nozima Habibullaevalarga Yozuvchilar uyushmasining a’zolik guvohnomasini topshirdi va ularni chin dildan qutladi. Guvohnoma egalari ham bo‘sh kelishmadi. O‘z ijod namunalaridan o‘qib she’r jarangini shuur jangiga aylantirib yuborishdi.  Yozuvchilar uyushmasi yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga hamisha alohida e’tibor qaratadi, – dedi shoira Nozima Habibullaeva. Albatta, ko‘pgina ijodkor yoshlarning ustozlar davrasida a’zolik guvohnomamizni olishlari ular uchun unutilmas onlarni, baxtli damlarni baxshida etdi. Aytish joizki, ushbu loyiha yoshlar uchun  ulkan maktab vazifasini o‘taydi. Mushoira  kechasi davomida Abdurazzoq Obro‘y, Dilorom Ergasheva, Guljamol Asqarova, Muxtasar Tojimamatova, Shoira Shams  va boshqalardan betakror misralar tinglandi. She’riyatning sehrli ohangi qalblarga ijod zavqi va ilhom shavqini baxshida etdi.

– Bugungi davrada yurtimizdagi adabiy islohotlarning yana bir namunasini ko‘rib turibmiz, – dedi Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Guljamol Asqarova. – Ijodkor ahliga mana shunday kechalar katta ruh va ilhom beradi. Bu esa o‘zbek she’riyatida ustozlarimiz singari biz shoirlarga ham buyuk asarlar yaratishimizga zamin yaratadi. O‘tkazilgan kechada o‘rta avlod shoirlari yoshlarga o‘zlarining chiqishlari orqali saboq berdilar. Uyushma a’zolari Zuhriddin Isomiddinov, Bahodir Karim, Qozoqboy Yo‘ldoshev bugungi adabiy jarayondagi izlanishlar, ijod dunyosining sirlari haqida so‘z yuritdi.

Eng muhimi, bizning milliy tadqiqot universitetimizning doktoranti, iste’dodli shoir va izlanuvchan tadqiqotchi   Dilmurod Akbarovning ular safida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Yozuvchilar Uyushmasi a’zoligiga qabul qilinganligi jamoamizni benihoya shod etdi. Dilmurod Akbarov "Qishloq va suv xo‘jaligi energiya ta’minoti" fakultetida o‘qib yurgan kezlaridayoq, o‘zining ijodkorlik qobiliyatini namoyish etishga ulgurgan edi.

Sobiq va sodiq rektorimiz, professor Umurzakov O‘ktam Pardaevichning  tashabbusi bilan chop etilgan "Ilhom buloqlari" nomli kitobning har ikkala jildiga uning ijod namunalari kiritilgani e’tiborga molik. Bugungi kunda pedagogik jamoamiz safiga qo‘shilgan D.Akbarov va boshqa iste’dodli yoshlarning kelgusidagi ishlariga ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz! O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a’zolik guvohnomasi muborak bo‘lsin, Dilmurod.

                "TIQXMMI" MTU Matbuot xizmati