TIQXMMI yangiliklari

img
01.05.2024

Yoqutlar topilar vaqtlar bilan, vaqtlar topilmas yoqutlar bilan

Joriy yilning 29 aprel kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti  “Iqtisodiyot” fakulteti 110-guruh statistika yo'nalishi talaba yoshlari bilan universitet psixologi M.K. Muhammedova va “Iqtisodiyot” fakulteti tyutori D.Egamovalar “Odamzot hayoti tejalgan vaqtga qarab uzayadi”mavzuida seminar trening o'tkazishdi.

Tadbir talabalarning vaqtga nisbatan bo'lgan munosabatlarini ijobiy tomonga o'zgartirib, vaqtni tejab sarflash san'atini yuksaltirish maqsadida tashkil etildi.

Tadbir: Inson har tong yangi kunni qarshi olar ekan  uning ixtiyoriga 24 soat vaqt berilishi, bu unga har kuni beriladigan 1440 daqiqa yoki 86400 soniyalik fursat ekani, o'tayotgan vaqtimiz haqida tafakkur qilib ko'rish, soat millarining "chiq-chiq"lari, aslida aziz umrimizning to'xtovsiz parchalanib ketayotgan onlari ekanini his etishimiz lozimligi, ushbu onlar bizning yaxshi yo yomon amallarimizga guvoh bo'lib o'tib borayotgani haqidagi fikrlar bilan boshlandi.

Seminarda talabalarga qur'onda vaqt haqida keltirilgan dalillar va zamonamiz olimlarining vaqt haqida olib borgan tadqiqotlari haqida qiziqarli ma'lumotlar berildi. Talabalar o'z vaqtlarini nimalarga sarf etishayotganini aniqlash maqsadida: “Vaqt charxpalagi”, “Men vaqtimni nimalarga sarflayman” kabi mashg'ulotlar o'tkazilib muhokama qilindi.

Suhbat davomida talabalar o'zlari uchun “Vaqt va uning qadri” haqida kerakli ma'lumotlar olib, xulosalar chiqarishdi hamda ushbu seminar treningdan kelgusi hayotlarida dasturilamal bo'la oladigan ma'lumotlarga ega bo'lishganini minnatdorchilik bildirib izhor etishgani, juda ham quvonarli holat. Tadbir: “Inson o'tkazayotgan vaqtini ziyrak tijoratchi kabi sarhisob qilib borishi lozim. Tijoratchi yo'qotgan molini yana ortig'i bilan qo'lga kiritishi mumkin. Ammo vaqtini yo'qotgan inson esa uni  qayta qo'lga kiritishi aslo mumkin emas. O'tib ketgan vaqt hech qachon qaytmaydi va uning o'rnini ham to'ldirib bo'lmaydi”, degan so'zlar bilan, ko'tarinki kayfiyatda o'z nihoyasiga yetdi.

Universitet psixologi M.K. Muhammedova va “Iqtisodiyot” fakulteti tyutori D.Egamovalar axboroti

TIQXMMI MTU matbuot xizmati