Yoqutlar topilar vaqtlar bilan, vaqtlar topilmas yoqutlar bilan
Joriy yilning 25 may kuni YeRB fakulteti 105-guruh talaba yoshlari bilan universitet psixologi M.K. Muxamedova va YeRB fakulteti tyutori D. Xursandovalar “Odamzot hayoti tejalgan vaqtga qarab uzayadi” mavzusida seminar trening o'tkazishdi. Tadbir talabalarning vaqtga nisbatan bo'lgan munosabatlarini ijobiy tomonga o'zgartirib, vaqtni tejab sarflash san'atini yuksaltirish maqsadida tashkil etildi. Tadbir: inson har tong yangi kunni qarshi olar ekan uning ixtiyoriga 24 soat vaqt berilishi, bu unga har kuni beriladigan 1440 daqiqa yoki 86400 soniyalik fursat ekani, o'tayotgan vaqtimiz haqida tafakkur qilib ko'rish, soat millarining "chiq-chiq"lari, aslida aziz umrimizning to'xtovsiz parchalanib ketayotgan onlari ekanini his etishimiz lozimligi, ushbu onlar bizning yaxshi yo yomon amallarimizga guvoh bo'lib o'tib borayotgani haqidagi fikrlar bilan boshlandi.
Tadbirda talabalarga qur'onda vaqt haqida keltirilgan dalillar va zamonamiz olimlarining vaqt haqida olib borgan tadqiqotlari haqida qiziqarli ma'lumotlar berildi. Talabalar o'z vaqtlarini nimalarga sarf etishayotganini aniqlash maqsadida: “Vaqt charxpalagi”, “Men vaqtimni nimalarga sarflayman” kabi mashg'ulotlar o'tkazilib muhokama qilindi. Tadbir davomida talabalar o'zlari uchun “Vaqt va uning qadri” haqida kerakli ma'lumotlar olib, xulosalar chiqarishdi.
Tadbir: “Inson o'tkazayotgan vaqtini ziyrak tijoratchi kabi sarhisob qilib borishi lozim. Tijoratchi yo'qotgan molini yana ortig'i bilan qo'lga kiritishi mumkin. Ammo vaqtini yo'qotgan inson esa uni qayta qo'lga kiritishi aslo mumkin emas. O'tib ketgan vaqt hech qachon qaytmaydi va uning o'rnini ham to'ldirib bo'lmaydi”, degan so'zlar bilan, ko'tarinki kayfiyatda o'z yakuniga yetdi.
Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti
Universitet matbuot xizmati