Yer tuzish ilmiga baxshida umr
Umrini ilm-ma’rifat va ta’limga baxsh etgan insonlar faxriy va qadrli siymolardir. 2024 yil 15 yanvar kuni TIQXMMI MTU “Yer resurslari va kadastr” fakultetining 3-majlislar zalida ustoz, professor Sadulla Avezboev tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Tadbirni rektor B.Mirzaev tabrik so‘zi bilan ochib berdi.
Ustozning shogirdlaridan biri “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyiha-lash instituti Bosh direktori, texnika fanlari doktori, professor Turaev Ruxiddin Amirqulovich tabrik yo‘sinida o‘z minnatdorchiliklarini bildirdi. Sa’dulla Avezboev yirik olim, yetuk yer tuzuvchi muhandisdir. U kishining ilmiy ishlari Respublikamiz va MDH mamlakatlari mutaxassxislari orasida katta nufuzga ega. O‘zbekistonda yer tuzish sohasida o‘ziga xos kuchli maktab yaratgan ustoz-pedagog. Ularning tayyorlagan minglab shogirdlari respublikamizning deyarli barcha viloyatlarida ishlab chiqarish jarayonlarida bevosita faoliyat yuritmoqdalar, yuzlab shogirdlari esa olimning izdoshlari sifatida ilmiy izlanishlar olib bormoqdalar, ustoz asos solgan xayrli ishlarni davom ettirib kelmoqdalar.
Ustoz haqida “Toshvilerloyiha” loyihalash korxonasi bosh mutaxassisi Abdujalilov Abduxamid Zamonovichning mulohazalarini keltiramiz. Hurmatli ustoz Sadulla Avezbaevni taniganimga salkam qirq yil bo‘libdi. Shu o‘tgan vaqt mobaynida oliy dargohda ustoz bergan ta’lim va o‘gitlar, ko‘rsatgan yo‘l-yo‘riqlarga bevosita amal qilib kam bo‘lmadik. Oddiy bir yer tuzuvchi mutaxassislikdan tuman, viloyat, respublikamiz qishloq xo‘jaligida, yer tuzish va yerdan foydalanish, uni asrab avaylash borasida turli raxbarlik lavozimlarida ishlash nasib etganidan mamnunman. Bundan tashqari o‘zim tahsil olgan dargohda fakultetimiz bitiruvchilarini diplom himoya ishlarida ikki-uch yil raislik qilib yuzlab bitiruvchi yoshlarga diplom topshirish baxtiga muyassar bo‘ldim. Mening yuqorida qisman sanab o‘tgan yutuqlarim zamirida bevosita ustoz Sadulla Avezbaevichni hissalari juda katta deb o‘ylayman.
Ustozdan nafaqat bilim berishda, balki ishlab chiqarishda ham ko‘p masalalarda o‘zining qimmatli maslahatlarini olganman. Har doim erinmasdan, o‘zlarini qimmatli vaqtlarini ayamasdan yordam berib kelganlar. Xozirgacha ham ko‘plab masalalarda maslahatlarini olib turaman. Ustozga uzoq umr, sihat salomatlik, farzandu nabiralar baxt kamolini ko‘rib, shogirdlar erishgan yutuq va quvonchlarga sherik bo‘lib yurishlarini tilab qolaman. Fakultet dekani Sh.Narbaev va ustozning shogirdlaridan A. Babajonov va S.Sharipovlar ham dil istaklarini bildirdilar. Aziz ustoz! Olijanob va mas’uliyatli faoliyatingizda kuch-g‘ayrat, yutuqlar va omadlar, xonadoningizga baxtu-saodat, fayzu-baraka tilaymiz. Oilangiz va shogirdlaringiz baxtiga doim omon bo‘ling. Mo‘tabar 75 yoshingiz muborak bo‘lsin.
Universitet matbuot xizmati