Yangi memorandum imzolandi
Mustahkam hamkorlik ikkala tomon manfaatlari asosiga quriladi. Bu ayni paytda soha rivoji va takomiliga xizmat qiladi. U taraqqiyotning muhim omili bo‘lishini bugungi kunda hayotning o‘zi to‘la namoyon etmoqda.
"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti hamda ATB "Agrobank" o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumning imzolanishi yuqoridagi maqsadlarga xizmat qiladi.
6 dekabr kuni tashkil etilgan o‘sha tadbir oldidan universitetimiz rektori Bahodir Suyunovich Mirzaev va "Agrobank" ATB Boshqaruv raisining o‘rinbosari To‘raev Azamat Shuxratovich tasmani qirqib memorandumga, hamkorlikka oq yo‘l tiladilar.
Talabalar, mehmonlar va boshqa mutasaddi xodimlar jamlanib o‘z o‘rinlarini egallagach, Rektor B. S. Mirzaev ushbu hamkorlikning rivoji va natijalari albatta, har ikki tomonlama o‘zaro manfaatga xizmat qilibgina qolmay, universitetimiz, xususan "Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish" fakultetining nufuziga nufuz qo‘shishiga ishonch bildirdi.
Xuddi shunday yo‘sinda tashkil etilgan "Turonbank" bilan hamkorlik o‘z natijalarini berayotgani haqida ham so‘z yuritdi.
So‘ngra ATB "Agrobank" nomidan Azamat To‘raev so‘zga chiqib ushbu hamkorlik memorandumi imzolangandan keyin yaqin kunlarda o‘z samarasini ko‘rsatishiga ishonch bildirdi.
"UzReport" telekanalidan tashrif buyurib jarayonni yoritishga xizmat qilgan jurnalist va Maqsuda Abduqayumova hamda videotasvirchilar Shahzod Abduqayumov, Ulug‘bek Usmonovlarga minnatdorchilik bildiramiz.
Universitet matbuot xizmati