Xotira va qadr qiymati
2023 - yilning 5 - may kuni "Gidromelioratsiya" fakulteti 1-kurs 93 nafar talabalari poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan "G'alaba bog'i"ga 9-may "Xotira va qadrlash kuni" munosabati bilan tashrif buyurishdi. Ushbu bog'da 2 - jahon urushida jasorat ko'rsatgan ajdodlarga atab o'rnatilgan haykallar, "Shon-sharaf" muzeyi hamda urush davrida foydalanilgan turli texnik qurol va transport vositalari talabalarda katta taassurot qoldirdi. 1941-1945 yillar davomida o'zbek xalqining minglab o'g'lonlari vatan himoyasi uchun otlangan. Insoniyat tarixida ikkinchi jahon urushi eng katta fojialardan biri sifatida o’rin egallagan. Bu urushga jahonning 72 mamlakati qo’shilib, ulardagi armiyalar safiga 110 mln. kishi safarbar qilingan edi.
Urush davomida qariyb 55 mln. kishi o’ldirilib, minglab shahar va qishloqlar, zavod va fabrikalar, madaniyat obidalari, kommunikatsiya va irrigasiya inshootlari vayronaga aylantirilgan edi. Ko’rilgan zarar va sarflangan mablag’larning umumiy miqdori 4 trln. dollarni tashkil qildi. Respublikamizdagi barcha sanoat korxonalari urush boshlanganidanoq qayta qurilib, mudofaa uchun zarur mahsulotlar ishlab chiqarishga o’tkazildi. Qurol-yarog’lar va o’q dorilar ishlab chiqarish rejalari, O’zbekistonning xom - ashyo va moddiy resurslarini front ehtiyojlariga va avvalo, respublikada og’ir sanoat vujudga keltirishga safarbar qilish choralari ko’rildi. Respublika rahbariyati korxonalarning samaradorligini oshirish maqsadida ularning huquqlarini kengaytirdilar, murakkab vazifalarni markaz bilan kelishmasdan tezkorlik bilan hal qilishdan qo’rqmadilar.
Urushning birinchi kunlaridanoq O’zbekiston aholisini moddiy resurslarini safarbar qilish, jangovar holatga keltirish tadbirlari ko’rildi. Front uchun zahira va komandirlar tayyorlandi. Bu ishni amalga oshirishda urushning boshida O’zbekistonga ko’chirib keltirilgan harbiy akademiyalar va bilim yurtlari alohida o’rin egalladilar. O’rta Osiyo harbiy okrugi bo’yicha urush boshlangandan keyin 1,5 yil ichida 109 ta harbiy qo’shilma tuzildi. Ular orasida O’zbekistonda tuzilgan milliy harbiy qo’shilmalar ham bor edi. 1941 yil noyabridan 1942 yil martigacha O’zbekistonda 9 ta alohida o’qchi brigada va 5 ta (otliq) diviziya tuzilgani ham rost.
Universitet matbuot xizmati