Xobbi – stressga qarshi vosita
"Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universiteti 2- Talabalar turar joyi “Qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash”, “Ekologiya va huquq” fakultetlari talaba qizlari bilan universitet psixologi M.K.Muhammedova va 2- Talabalar turar joyi tarbiyachi pedagogi T.Xudoyberdiyevalar ishtirokida ikki qism doirasida tadbir tashkil etildi. Yig'ilishning birinchi qismida talabalarning ruhiy emotsional holatini nazorat qilish, darsdan keyingi bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, bo'sh vaqtlardan unumli foydalanish yo'l-yo'riqlari haqida tavsiyalar berish, o'zaro bir-birlarini qo'llab quvvatlash maqsadida “Biz katta oilamiz” mavzusida davra suhbati tashkil etilgan bo'lsa, ikkinchi qismida talaba qizlar o'rtasida milliy libos haqida tushuncha va ko'nikma hosil qilish va milliy liboslar bilan zamonaviy liboslarni uyg'unlik hosil qilgan holda hayotga tadbiq etish xususiyatini shakllantirish maqsadida "Milliy liboslar – zamonaviy talqinda" mavzuida tadbir tashkil etildi. Tadbirda talaba qizlarga bo'sh vaqtdan unumli foydalanish uchun qiziqarli xobbilarni ko'paytirish va shu orqali qo'shimcha mablag' topish haqida qiziqarli tavsiyalar berildi.
Tadbir davomida bugungi zamonda chet el davlatlaridan “ommaviy madaniyat” sifatida kirib kelayotgan mentalitetimizga mos kelmaydigan liboslarning urfga kirib borayotgani, milliy liboslarimizga bo'lgan e'tibor esa bir oz pasaygani, libos nafaqat, insonga ko'rk bag'ishlashi, balki insonning odob-axloqi, dunyoqarashi, fe'l-atvori, ma'naviyati darajasini, umuman, qanday inson ekanligini namoyon etuvchi vositalardan biri hisoblanishi haqida so'z yuritildi. Shu ma'noda, universitetimizda qizlarni yuksak odob-axloq tamoyillari asosida tarbiyalash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, kasb-hunarga o'rgatish, kiyinish va muomala madaniyatini yuksaltirish, ongi va qalbini g'oyaviy tahdidlardan himoya qilish, oilaviy hayotga tayyorlashga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. Tadbir so'ngida qiziqarli trening va mavzuga oid o'yin mashg'ulotlar va mini so'rovnomalar o'tkazildi va muhokama qilindi. Ayniqsa “Sehrli shar” o'yin mashg'ulotidan barcha qizlarning kayfiyatlari ko'tarildi. Keyingi tadbir uchun ishtirokchilarga milliy liboslarga zamonaviy tus berib, uyg'unlik hosil qilgan holda eskizlar tayyorlab kelish topshirig'i berildi. Tadbir ko'tarinki kayfiyatda nihoyasiga yetdi.
Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti
TIQXMMI MTU matbuot xizmati