TIQXMMI yangiliklari

img
22.02.2022

Xalqaro ona tili kuniga bagʼishlangan tadbir

Har bir xalqning milliy boyligi, dastavval, uning tilidir. 21-fevral - "Butun jahon ona tili kuni" munosabati bilan “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida xuddi shu sanaga bagʼishlab diktantlar yozish musobaqasi tashkil etildi.  Orfografik va punktuatsion xatolarga yoʼl qoʼymasdan adabiy til meʼyoriga rioya etgan holda yozilgan diktant sohiblari saralanishi va taqdirlanishi rejalashtirildi. Oʼzbek tili ham xalqaro nufuzga ega boʼlayotgani faxr-u iftixorimizdir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkilotining oliy minbaridan turib, bir necha bor oʼzbek tilida nutq irod etganliklari buning isbotidir. Shunday ekan, ona tilimizning nufuzi oshib borishi dastavval, oddiy fuqarodan tortib hukumat rahbarlarigacha masʼul boʼlib qarashi va uni eʼzozlashiga bogʼliq. Davlat tilining sofligi va rutbasi uchun kurashish milliy gʼoyamiz va mafkuramizning bir boʼlagidir. Universitetimiz dotsentlari Nilufar Yuldasheva, Rahimboy Jumaniyozovlarning tashabbusi bilan oʼtkazilgan ushbu tadbirda juda koʼp talabalar ona tilida, lotin yozuviga asoslangan oʼzbek alifbosida diktant matnini yozishdi. Ular ichidan bexato yozgan talabalar saralanib egallagan oʼrinlariga qarab qimmatbaho sovgʼalar bilan taqdirlanishdi. Bu harakat maʼnaviyatning muhim mezoni boʼlgan savodxonlik masalasiga bogʼliq ekanligini har bir maʼnaviyat va maʼrifat targʼibotchisi, pedagoglar ham anglab yetishdi. Oʼz tilida yozma va ogʼzaki nutq madaniyati qoidalariga bexato amal  qilish davlat tiliga, prezidentimiz iborasi bilan aytganda, milliy mustaqilligimizga ehtirom, ona vatanimizga sadoqat belgisidir.

Tadbirda “Suv xoʼjaligini tashkil etish va boshqarish” fakultetining dekani Аbdurashid Hakimov va “Davoiy” taxallusi bilan ijod qiluvchi isteʼdodli shoir Nosiriddin Botirovlar ishtirok etib oʼz mulohazalarini bildirishdi. O'zbekiston televideniyesining "Madaniyat va ma'rifat" hamdaahalla" telekanallarining muxbirlari sovrindor talabalarning fikr va mulohazalarini yozib olib tasvirga tushirishga muvaffaq bo‘lishdi.  Shunday ekan, savodxonlik ilm-maʼrifatning muhim ochqichidir. Dunyo avtomobil sanoati otasi Henri Fordning "Аgar kollejda qayta oʼqish kerak boʼlganida faqat ikkita mavzuga eʼtibor qaratgan boʼlardim: yozish va tinglovchilar oldida soʼzlash sanʼatiga"-deyishi bejiz emas. Deyarlik barcha fakultetlardan ishtirok etgan talabalardan oltitasi universitet rahbariyatining esdalik sovgʼalari va qimmatbaho kitoblarga ega boʼlishdi. Diktant yozish tadbirining tashkilotchi va ishtirokchilari ushbu savodxonlik musobaqasini har oyda tashkil etib borish kerakligi boʼyicha taklif bildirishdi. Bu tashabbus talaba va magistrantlarni savodxonlik darajasini oshishiga xizmat qilishi aniq.

Universitet matbuot xizmati