TIQXMMI yangiliklari

img
25.01.2024

“Xalq so‘zi” gazetasida

Obihayotning har bir tomchisi tilloga teng bo‘lib borayotgan ekan, undan samarali foydalanishimiz, sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish, quvurli tizimlarga o‘tish, tejamkor texnologiyalarni qo‘llash, suvni boshqarishda ilmiy asoslangan, zamonaviy usul va uslublarni, raqamlashtirishni joriy etishimiz kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va Qonunchilik palatasi Kengashi organi “Xalq so‘zi” gazetasida (24.01.2024) «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Bahodir Mirzayevning “Har tomchisi qadrli: ushbu ne’matdan omilkorlik bilan foydalanish bugungi kunning dolzarb masalasi” nomli maqolasi chop etildi.

 - Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida 2026-yilgacha amalga oshiriladigan beshta vazifaning biri — aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash.

 - BMT ma’lumotiga ko‘ra hozir dunyo miqyosida 2 milliard kishi toza ichimlik suvidan foydalana olmaydi, 3,6 milliard inson xavfsiz sanitariya sharoitiga ega emas.

 - Ekspertlar fikriga ko‘ra keyingi-40 yilda suv iste’moli yiliga qariyb 1 foizdan ko‘payadi va muttasil o‘sishda davom etadi. 2030-yilga borib aholining toza va oqova suv bilan ta’minlanishini qo‘llab-quvvatlash uchun BMTga har yili 600 milliarddan 1 trillion dollargacha mablag‘ zarur.

 - Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yilning-4-yanvar kuni qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishar ekan, bugungi kunda mamlakatimizda ushbu bebaho ne’matni qadrlash, undan tejab foydalanish masalasiga alohida urg‘u berdi.

 - Keyingi yillarda yurtimizda qishloq xo‘jaligida suvni oqilona ishlatish bo‘yicha qator chora-tadbirlar hayotga tatbiq etildi. Jumladan, 472 ming gektar yer tomchilatib va 48 ming gektari yomg‘irlatib sug‘orishga o‘tkazildi, 97 ming gektarda suv tejovchi boshqa texnologiyalar joriy qilindi. 649 ming gektar yer lazerli tekislandi. Shunday chora-tadbirlar natijasida o‘tgan yilda 2 milliard kub metr suv tejalgan. Bu — Buxoro viloyatining bir yillik suv sarfiga teng.

 - Ko‘pchilikning ongida o‘rnashib qolgan “suv — tekin” degan tushunchani o‘zgartirish uchun ham qator tadbirlar ko‘rilyapti. Joriy yildan boshlab dalagacha yetkazilgan 1 kub metr suv uchun soliq 100 so‘m etib belgilandi. 

 - Ma’lumki, bugungi kunda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan har bir gektar uchun 8 million so‘m miqdorida subsidiya beriladi.

 - Yana bir ma’lumot: yil davomida har bir kishi 60 tonna suvni oziq-ovqat orqali iste’mol qiladi — bir kilogramm kartoshka yetishtirish uchun 100 litr, bir kilogramm guruch uchun 4 ming litr, bir kilogramm mol go‘shti uchun 13 ming litr suv sarflanadi.

 - Jahon banki baholashiga-ko‘ra 2050 yilga borib, Markaziy Osiyoda aholi soni 90 mln. kishigacha yetishi bilan kechadigan demografik o‘sish sharoitida suv tanqisligi 25 — 30 foizdan ortishi kutilmoqda. Shuningdek, mintaqada isish darajasi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan oshib, 2100 yilga borib havo harorati o‘rtacha 5-6°C ga ko‘tariladi.

 - Dunyoda mavjud jamiki suv manbalarining 97 foizi iste’mol uchun yaroqsiz. Taqqoslash uchun: yozning jazirama kunlari yirik shaharlarda yashayotgan aholi jon boshiga 600 — 800 litrgacha suv ishlatiladi. Afrikaning qurg‘oqchil hududlarida esa buncha suv kichikroq qishloq aholisining bir kunlik iste’mol me’yori. Mamlakatimizning suv tanqis joylarida aholini ichimlik suvi bilan markazlashtirilgan holda ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar diqqatga sazovor. Chunonchi, 69 ta shahar, 335 ta posyolka va 2902 ta qishloq aholi punkti ehtiyojlari yer osti suvlari zaxiralari hisobiga qondirilayotir.

 - E’tibor-bering: 2050 yilga borib Yer yuzi aholisi 9 milliardga yetishi bashorat qilinmoqda. Global iqlim o‘zgarishi natijasida tabiatda turli xavf-xatar, masalan, qurg‘oqchilik yuz berishi mumkin. Hozirgi ilm-fan ko‘p narsaga qodir, ammo hech narsa suvning o‘rnini bosa olmaydi.

https://t.me/gazetalar_sharhi/26691