Vengriyalik hamkorlar tashrifi
Joriy yilning 19-sentabr kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti (“TIQXMMI” MTU)ga Vengriyaning Nyireghaza universiteti 1-prorektori Professor Zoltan Kovach hamda “Master good” kompaniyasining ishlab chiqarish bo’yicha menejeri Nandor Barna tashrif buyurdilar. Mehmonlarni universitet rektori Professor Bahodir Mirzaev qabul qilib, tashkil etilgan uchrashuvda universitet Xalqaro reyting faoliyatini monitoring qilish bo’limi boshlig’i, universitetning Vengriya OTMlari bilan hamkorlik masalalari bo’yicha mas’ul xodimi Ilhom Abdurahmanov ham ishtirok etdi.
Ma’lumot o’rnida shuni aytib o’tish kerakki, O’zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentli hamda Vengriyaning Innovatsiya va texnologiya vazirligi tomonidan 2022 yilda innovatsion va ilmiy-amaliy loyihalar tanlovi (62-tur) e’lon qilingan edi. “TIQXMMI” MTU va Nyireghaza universiteti tomonidan mazkur tanlovga topshirilgan “Geofazoviy usullar orqali organik va an’anaviy dehqonchilikni qo’llab-quvvatlash” mavzusidagi ilmiy loyiha har ikki davlat mas’ul vazirliklari tomonidan moliyalashtirishga tavsiya etilgan. Mazkur loyihani joriy yilning oktyabr oyidan boshlash rejaga kiritilgan bo’lib, loyiha muddati 3 yilni tashkil etadi.
Tashkil etilgan ushrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, tez kunlarda boshlanadigan yangi ilmiy loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ilhom Abdurahmanov,
Xalqaro reyting faoliyatini monitoring qilish bo’limi boshlig’i.