TIQXMMI yangiliklari

img
16.03.2022

Vatanga baxshida umr

       Ma’lumki, Qashqadaryo vohasida ko‘plab allomalar, donishmand mutafakkirlar yashab o‘tganlar. Shulardan biri ayni paytda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov o‘zbek adabiyotini yangi bosqichga ko‘targan noyob iste’dod sohibi edi. Uning yuksak badiiy, teran falsafiy she’rlari xalqimiz ko‘nglidan joy olgan. Dramatik va publitsistik asarlari, doston va tarjimalari adabiyotimiz rivojiga juda katta hissa bo‘lib qo‘shilgan. Quyida berilayotgan maqola ham ulug‘ shoir xotirasiga hurmat-ehtirom ifodasidir. Bahor bu tabiatning uyg‘onishi, nabotot olamining qaytadan yuz ochishi, rutubatli qish izg‘irinlaridan qutilgan mavjudotning yorug‘likka intilishi, ko‘ngillarning sururi, zangori tusga kira boshlagan ko‘hna dunyo, hayotda bunyodkorlik, yaratuvchiliklarning boshlanishi – hammasi shu fasl bilan bog‘liq. Shuning uchun ham u barchaning, xususan, ijodkorlarning qalbini o‘ziga ko‘proq rom etadi. Abdulla Oripovning esa bu faslga maftunkorligining yana bir boisi bor. U ming to‘qqiz yuz qirq birinchi yilda, Hamalning ilk kuni, Navro‘z tongida dunyoga kelgan. Bu fasl unga yoshlikning ilk damlarini, beg‘ubor bolalik yillari o‘tgan Qo‘ng‘irtov etaklaridagi qishloq hayotini, donishmand ota bag‘rida kechgan masrur kunlarni, mehribon onaning qadoq qo‘llari taftidan entikkan ayyomlarni, ular mangu orom topgan maskanlarni, ortga qaytmas xotiralarni, inson qalbini bir umrga tark etmaydigan musaffo tuyg‘ularni eslatadi. Bularning bari shoirning ko‘nglidan sog‘inch bo‘lib, bahor qiyofasida she’riy misralarga aylangan. U she’riyat olamiga o‘tgan asrning 50-yillari oxirlarida kirib keldi. O‘sha payt adabiyot sho‘rolar yutuqlarini ko‘kka ko‘tarib maqtayotgan, sotsializm odamlarga faqat baxt berdi, deya uni madh etayotgan davr edi. Bunday davrda ona Vatan, uning taqdiri, tarixi, yashab o‘tgan ulug‘ allomalari, xalq boshiga tushayotgan tashvishlar, odamlar qalbidagi orzu-armonlar, dardlar xususida so‘z aytish mumkin emasdi. Abdulla Oripov ana shunday davrda she’rlarida yurt taqdiriga, tarixiga, buyuk bobolarimiz qismatiga murojaat etdi.

Xalqimizning tashvishlarini, milliy g‘ururini, insoniy tuyg‘ularini misralar bag‘riga joyladi. Fusunkor, nafosatga boy, rang-barang tuyg‘ular aks etgan she’rlar yaratdi. Qalbidagi tug‘yonlarni kitobxonlarga ham yuqtirdi. Bu, o‘sha paytda adabiyotda o‘ziga xos yangilik edi. Shuning uchun zamondoshlari uni “adabiyotga chaqmoqdek kirib keldi va she’riyatda o‘z olamini yaratdi”, deb e’tirof etdilar. Har bir inson uchun ota-ona, oila, tug‘ilib o‘sgan zamin, yashayotgan o‘lka, uning havosi, tuprog‘i, suvi, giyohi nihoyatda qadrli hisoblanadi. Ularning hammasi qo‘shilib yaxlit Vatan degan ulug‘ tushunchani hosil qiladi. Haqiqiy iste’dod egasi bo‘lgan shoirlar esa Vatan qiyofasini badiiy aks ettiruvchi, uning dardlari, quvonchlari, orzu-umidlari, o‘tmishi, kelajagini namoyon etuvchi xalqning vijdoni hisoblanadi. Abdulla Oripov ana shunday shoirlar sirasidan sanaladi. Uning yarim asrdan oshiq vaqt ichida yaratgan asarlarida ona yurtga, ona Vatanga, O‘zbekistonga muhabbati ufurib turadi. Shoir yurtga ehtirom vijdondan, mehr-oqibat, xalqqa muhabbat, qalbdan boshlanadi, deydi. Ayni paytda, ijodkor Vatanni ulug‘lash bilan cheklanib qolmaydi. Uning qudratini namoyon qiluvchi kuch xalq ekanligini chuqur anglaydi. Shu sababli uning asarlarida Vatan bilan hamohang tarzda dovyurak va tanti, munis va mushfiq, insofli va diyonatli, inson boshiga tushishi mumkin bo‘lgan barcha qiyinchiliklarni mardonavor yengib o‘tgan, yorug‘ kunlar kelishiga ishongan va bu yo‘lda kurashgan xalqimizning halol, pok, samimiy qalbi namoyon bo‘lib turadi. Boshqacha aytganda, shoir she’rlarida Vatanga baxshida qalbning va qalblarning tug‘yonlarini aks ettirdi.

2022 - yil 16 -:mart kuni “Gidrotexnika qurilishi” fakulteti professor-o‘qituvchilari va bir guruh iqtidorli talabalari poytaxtimizdagi “Adiblar xiyoboni” ga Abdulla Oripovni xotirlash uchun tashrif buyurishdi. Unda shoir ijodi haqida talabalarga so‘zlab berildi hamda talabalar shoir she’rlaridan o‘qishdilar. Tadbirga qadam ranjida qilganlar shoir haqidagi ma’lumotlardan ma’naviy oziq olishdi.

 

Universitet matbuot xizmati