Vatan ishqin yuraklarga jo aylab
2023 yilning 14 aprel kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti”- Milliy tadqiqot universiteti Iqtisod fakultetining kafedra professor-o‘qituvchilari, talaba yoshlari, xotin-qizlar faollari hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari bilan hamkorlikda ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbir O'zbek adabiyotining zabardast ijodkori O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Xalq shoiri Abdulla Oripov she'riyati va ijodiga bag‘ishlandi.
Ma’rifiy kechada so'z olganlar shoirning hayoti va ijodi, kelajak avlodlar uchun qoldirgan boy adabiy merosi haqida to'lqinlanib gapirishar ekan, yosh ijodkorlarga ko‘rsatgan amaliy ko‘maklariga, ijodiy motivatsiyalariga ham alohida to‘xtab o‘tishdi.Ular shoir umri bo'yi ona-Vatanimizni, istiqlolimizni, ezgulik g'oyalarini tarannum etib, xalqimiz qalbidan haqli ravishda joy olganligi haqida to‘lqinlanib gapirishdi, she’rlari asosida qo‘shiqlar kuylashdi. Davlatimiz rahbarining O'zbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov xotirasini abadiylashtirish yo'lidagi muhim ishlari haqida shoir Salim Ashur tomonidan aytilgan bo‘lsa, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, QQR Xalq shoirii Rustam Musurmon ustoz-shogird an’analari haqida, uyushma muzeyi rahbari Munira Ramazonova esa ijodkor bosib o‘tgan shonli yo‘l haqida e'tirof etdi.
Ular so‘zlarining yakunida o‘zlarining eng sara ijod namunalaridan o‘qib ishtirokchilarni xushnud qilishdi. Shoir she'riyatiga oshno bo'lgan har bir kishi undan ma'naviy-ruhiy quvvat oladi va bevosita qalam tebratishga ishtiyoqi uyg‘onadi. Shundan bo‘lsa kerak, iqtisodchi talabalar ham adabiyotga yaqinliklarini, shoirga hurmatini o‘zlari yozgan she’rlari orqali isbot qilishgani barchani quvontirdi. Ayniqsa, so‘z olganlar Vatanning baxtiyor farzandi ekanligidan faxrlanishlarini urg‘uladi. Ma’naviy tadbir qatnashchilari atoqli shoir, buyuk iste'dod sohibi, jahon adabiyotining durdona asarlarini o'zbek tiliga tarjima qilishda ham samarali ijod qilgan, yuksak mahoratli qalb egasiga hurmat bajo etib, uning barhayot siymosiga ehtirom ko'rsatdilar.
Pedagogika fanlari doktori (DSc) Nilufar Yuldasheva axboroti
Universitet matbuot xizmati