Vatan g’oyasi – vatan himoyasi
Jon vatan himoyasi jon va tan himoyasi kabi aziz va muqaddasligini bilgan insonda vatanparvarlik tuyg’usi bo’ladi. Bu fikrlar “Vatan himoyachilari kuni” bayrami arafasida emas, balki har damda, har qadamda mohiyat kasb etadi. “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari” Milliy tadqiqot universiteti xodimlari, professor o’qituvchilari ishtirokida ZOOM platformasi orqali tadbir tashkil etildi. Kuni kecha o’tkazilgan tadbir O’zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil topganining 30 yilligiga bag’ishlangan holda “Vatan himoyasi – muqaddas burch” deb nomlandi.
Tadbirga yoshlar bilan ishlash va ma’naviy ma’rifiy masalalar bo’yicha bo’lim boshlig’i Zuhriddin Haydarov moderatorlik qildi. So’ngra prorektor Ruzimurat Choriyevga va ZOOM orqali ishtirok etayotgan faxriylarga so’z berdi. Tadbir davomida afg’on urushi qatnashchisi, tibbiyot fanlari nomzodi, podpolkovnik Saidov Chori Shodiyevich hamda podpolkovnik Ali Valiyevichlar afg’on urushi taassurotlari va tinchlikning qadri, vatan taqdiri yoshlarning tarbiyasiga bog’liqligi haqida purma’no fikr-mulohazalarini bildirib o’tashdi. ZOOM dasturi orqali 1000 dan ziyod ishtirokchi qatnashgan tadbir savol – javoblar va iqtidorli talabalarimizning dil so’zlari va o’z ijodidan namunalar o’qib berishlari bilan nihoyasiga yetdi. Minnatdorchilik va tabrik yo’sinida universitet xotin-qizlar Kengashi raisi Zuhra Ismoilovaning qalb istaklari barcha ishtirokchi yigitlarga ayricha ruh baxsh etdi.
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Matbuot xizmati