Vaqt – hayot demakdir
Joriy yilning 18 aprel kuni “TIQXMMI” MTU Ekologiya va huquq fakulteti 104-105-guruh talaba yoshlari bilan universitet psixologi M.K. Muhammedova va Ekologiya va huquq fakulteti tyutori I. Ahmedovalar hamkorlikda “Vaqt – g'animat, o'tsa nadomat”mavzuida seminar trening o'tkazishdi. Tadbir talabalarning vaqtga nisbatan bo'lgan munosabatlarini ijobiy tomonga o'zgartirish, vaqtni tejab sarflash san'atini yuksaltirish, dangasalikni yengib, maqsadlar sari reja asosida odimlash ko'nikmasini shakllantirish maqsadida tashkil etildi. Inson hayotidagi vaqt nima? Vaqt – go'yo hayot kiyimi to'qiladigan iplar bo'lib, uning pishiq va nafisligiga qarab hayot aziz va bebaho bo'ladi. Agar iplar yomon va to'zigan bo'lsa, hayot ham tuban, ma'no va mazmunsiz bo'ladi. Vaqtning yana bir xususiyati shuki, agar u o'tib ketsa, qaytib kelmaydi. Vaqt inson sarf qiladigan asosiy sarmoyadir. U qanchalik ko'p bo'lsa ham ozdir. Oz bo'lsayu barakali bo'lsa, u ko'pdir. Inson o'z hayotining har bir daqiqa va lahzasidan unumli va barakali foydalanib, uni yaxshi amallar qilishga sarflashi vojibdir.Oylar haftadek, haftalar kundek, kunlar soatdek, soatlar chaqmoqdek o'tib ketayotgan bir davrda ko'pchiligimiz oltinga teng vaqtimiz ya'ni – umrimiz o'tib borayotgani anglamaymiz, e'tibor bermaymiz. Go'yoki bugungi o'tgan vaqt qaytib keladigandek. Hasan-al-Basriy: «Har bir tonggi yorishadigan kun borki, inson bolasiga nido qiladi: «Men yangi yaratildim (imkoniyatingman), ishlaringga shohidman, mendan foydalanib qol. Agar ketsam, qiyomatga qadar qaytmayman». Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu haqda biz ummatlarga qanday tavsiya berganlariga bir diqqat qilaylik: “Besh narsani besh narsadan oldin g'animat biling: keksalikdan oldin yoshlikni, betoblikdan oldin salomatlikni, faqirlikdan oldin boylikni, bandlikdan oldin bo'sh vaqtni, o'limdan oldin tiriklikni g'animat biling”. (Buxoriy rivoyati).
VAQT bu asosiy boylik ekani uni g'animat bilib unumli foydalangan inson maqsadlariga erisha olishi to'g'risida, Qur'on va hadislardan dalillar keltirilgan holda, zamonamiz olimlarining vaqt haqida olib borgan tadqiqotlari haqida qiziqarli ma'lumotlar berish orqali o'tkzilgan tadbir talabalarga juda ma'qul keldi. Talabalar o'z vaqtlarini nimalarga sarf etishayotganini aniqlash maqsadida: “Vaqt charxpalagi”, “Men vaqtimni nimalarga sarflayman” kabi mashg'ulotlar o'tkazilib muhokama qilindi. Tadbir davomida talabalar o'zlari uchun “Vaqt va uning qadri” haqida kerakli ma'lumotlar olib, xulosalar chiqarishdi. Yig'ilish: “Har daqiqamiz o'tgani sayin o'tmishimiz ortib, kelajak qisqarib boraveradi. Haqiqiy oningizni qadrlang azizlarim!!!, degan so'zlar bilan o'z yakuniga yetkazilayotgan vaqtda barcha talabalar o'z minnatdorchiliklarini qarsaklari orqali olqishlab izhor etishgani juda ham quvonarli holat bo'ldi.
Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti
TIQXMMI MTU matbuot xizmati