TIQXMMI yangiliklari

img
29.09.2023

USTOZLARNI QUTLAYMIZ!

Taʼlim-tarbiya jarayonlarining sifati va darajasini zamon talablari asosida tubdan yaxshilash, zahmatkash ustozlarimiz, mazkur sohada faoliyat koʻrsatayotgan barcha fidoyi insonlar uchun munosib mehnat sharoitlari yaratish, ularning qadr-qimmatini yuksaltirishga qaratilgani bilan ayniqsa, ahamiyatlidir. Prezidentimizning ushbu o’gitlari ustozlarga bildirilgan ehtiromning yorqin namunasidir.  TIQXMMI” MTU “Qishloq xo‘jalik texnika va texnologiyalari” kafedrasi professori Muhayyo Shoumarova yurtboshimizga saboq bergan murabbiylardandir.

Muhayyo Shoumarova 1956 yil o‘rta maktabni imtiyozli tugatib, yoshligidan texnikaga qiziqqanligi uchun, ulug‘ matematik olim Qori-Niyoziy bilan suhbatidan o‘tib, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari instituti (TIQXMII) ning “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” fakultetiga o‘qishga kirgan.

    Akademiklardan M.T.O‘razboyev, V.Q.Qobulov, J.F.Fayzullayev, H.H.Usmonxo‘jayev, T.R.Rashidov kabi buyuk olimlar bilan birgalikda mehnat qilib mexanika fani bo‘yicha chuqur bilimlar orttirgan, tadqiqotchilik mahoratini oshirgan.

O‘qituvchilik faoliyatida M.Shoumarovaning qobiliyatlari to‘liqroq ochildi. TIQXMIIdagi eng faol murabbiylari qatoridan o‘rin oldi. Jamoa ishlarida faol qatnashib, fakultetning rivojlanishiga katta hissa qo‘shdi. “Bilim” jamiyatining raisi sifatida o‘qituvchilar malakasini oshirishda ko‘p ishlar qildi. Ko‘p yillar institut nuroniylar kengashida, ayollar kengashida faol ishladi.

M.Shoumarova ilmiy, metodik ishlar bilan faol shug‘ullanib kelmoqda, jami 250 tadan ortiq ilmiy maqollar, metodik ishlar chop etgan, ixtiro guvohnomalarini olgan.

M.Shoumarovaning ijodiy faoliyati Respublikamiz o‘z mustaqilligiga erishgandan keyingi yillari ayniqsa samarali bo‘ldi. O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganidan so‘ng, ilgari faqat rus tilida o‘qitilgan “Qishloq xo‘jaligi mashinalari” fanini Davlat tilida o‘rgatish muammo bo‘lib qoldi, chunki o‘zbek tilida yozilgan darsliklar yo‘q edi. Bu muammoni yechishda M.Shoumarova ko‘p va samarali xizmat qildi, bir nechta darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar yaratdi. 

Bulardan oliy ta’lim muassasalari uchun “Qishloq xo‘jaligi mashinalari” fanidan darslik ilk bor yaratildi. Mazkur darslikning ikkinchi va uchinchi nashrlari ham yaratilgan bo‘lib, Respublikamizdagi Qishloq xo‘jalik institutlari va Texnika institutida asosiy darslik sifatida, ilmiy xodimlar va doktorantlar uchun ilmiy manba bo‘lib foydalanilmoqda.

Darslikning ikkinchi nashri 2011 yili “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” Respublika tanlovida g‘olib deb topildi.

2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan “Mehnat shuhrati” ordeni  bilan taqdirlangan.

Biz universitet jamoasi nomidan ustozni “O’qituvchi va murabbiylar kuni” bilan samimiy tabriklaymiz, baxtimizga hamisha sog’u salomat bo’lsinlar.

 

Universitet matbuot xizmati