Ustoz ruhi shod etildi
Bugun universitetimizning Madaniyat saroyida "Xotira va qadrlash kuni" munosabati bilan "Xotira abadiy va qadr aziz" deb nomlangan ma’naviy - ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbir avvalida universitetimiz rektori Bahodir Mirzaev o‘tganlarni yodlash, hayot kechirayotgan faxriylarni yo‘qlash, holidan xabar olish azaliy qadriyatimiz ekanini e’tirof etdi.
Rektor universitetimizning ilmiy-ta’limiy va boshqaruv jarayonida alohida o‘rni bo‘lgan, ta’lim muassasamizning jahoniy nufuzi va milliy reytingda yetakchi bo‘lishiga o‘zlarining munosib hissasini qo‘shgan O‘ktam Pardaevich Umurzakovning nomlarini alohida ta’kidlay turib, qariyb 30 yil birga ishlagan shogird sifatida g‘ururlanishlarini aytib o‘tdi. So‘ngra ustozning hayotiy faoliyati aks etgan hujjatli film zalni to‘ldirib o‘tirgan talabalardan tortib professor o‘qituvchilargacha bo‘lgan barchaning e’tiboriga havola qilindi.
Keyin esa universitetning matbuot kotibi, professor R. Jumaniyozov ustozning yorqin xotirasiga bag‘ishlangan "Ustoz yodi - shogird murodi" nomli she’ri asosida yaratilgan universitet psixologi Muhayyo Muhammedova tomonidan ijro etilgan qo‘shiqning prem’erasi bo‘ldi. Iqtidorli bastakor Said Saidazov tomonidan oranjirovka qilingan ushbu qo‘shiq oldidan muallif o‘sha she’rni o‘qib berdi. Uni to‘laligicha keltiramiz.
Ustoz yodi - shogird murodi (Ulug‘ zahmatkash olim, fidoyi inson O‘ktam Umurzakov xotirasiga)
Rahimboy Jumaniyozov so‘zi
Said Saydazov musiqasi
Muhayyo Muhammedova ijrosida
Ilmu ta’lim ila fanda ildamlik
Mangulikning erur asli mezoni.
Ona yurtga sodiq hamda o‘ktamlik
Umr uzoqlikning nasli, nishoni.
Suv - bu obi hayot - tabiat qoni,
Shudir bandalarga tangri in’omi.
So‘z - bu ma’naviyat, jamiyat joni,
Unga ixlosmandning barhayot nomi.
Naqorat
Ildam edingiz fanda, ilmda,
O‘ktam edingiz har dam ta’limda.
Sokin Sayhun kabi mavji o‘zgacha
Oliygohin o‘ylab zavqqa to‘lgan zot,
Jo‘shqin Jayhun kabi avji o‘zgacha
Ona yurtim deya shavqqa to‘lgan zot.
Naqorat
Ildam edilar fanda, ilmda,
O‘ktam edilar har dam ta’limda.
Ustoz shogird ila gulgun bu hayot
Yaratish, izlanish ila yurt obod.
Munosib izdoshlar borki, insonning
Ruhi shod, ilmu amallari ila barhayot!
Ilmu amallari yoshlarga ibrat,
Vatanga sidqidil qilinsa xizmat.
Yurtga, yurtdoshiga bo‘lsa sadoqat,
Inson ardoqlanar, topgusi izzat.
Sifatli ta’lim ham elga e’tibor
Uning zamirida buyuk hikmat bor.
Taraqqiyot maqsadi aniq, ulug‘vor
Jahon reytingida doimo ilg‘or.
Naqorat
Ildam edingiz fanda, ilmda,
O‘ktam edingiz har dam ta’limda.
Keyin esa Muhayyo Muhammedova rahbarligidagi universitetimizning xor jamoasi ustozni eslashga qaratilgan xotira qo’shig‘ini ijro etishdi. Muhayyo Muhammedovaning mahorati ijro mobaynida to‘la namoyon bo‘ldi. Tadbir nihoyasida Xursandbek Ro‘zmatov qalamiga mansub bo‘lgan universitet madhiyasi yangradi.
Universitet matbuot xizmati