Ustoz doim shogirdlar ardog‘ida
Ustoz deganda, har qaysi inson ko‘nglida chuqur hurmat - ehtirom va cheksiz minnatdorlik tuyg‘ulari, shu bilan birga, hech qanday boylik bilan o‘lchab va ado qilib bo‘lmaydigan qarzdorlik hissi paydo bo‘ladi. Dunyoda O‘zbekistondek ustozlarni ardoqlaydigan, bu yo‘lda bor kuch va imkoniyatlarini sarflaydigan, “Ustoz – otangdek ulug‘” degan hikmatga sodiq qolgan yuksak maʼnaviyatli millat sanoqli bo‘lsa kerak.
“Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan 9 may – “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan fan va taʼlim sohasida ko‘p yillar mehnat qilib hozirda nafaqada bo‘lgan kafedraning faxriy dotsenti Ishanxodjayev Akrom Mehmonovich xonadoniga tashrif buyurildi. Zero, keksalarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularni qo‘llab-quvvatlash har birimizning birinchi galdagi vazifamiz va insoniy burchimizdir.
Ustoz bilan suhbat davomida ular bergan o‘gitlar, pand-nasihatlar hayot va ish faoliyati yo‘lida asqotayotganligi, tajriba va ko‘nikmalari har damda madad bo‘layotganligi shogirdlar tomonidan eʼtirof etib o‘tildi. Ustoz va shogirdlar suhbati dasturxon atrofida qizg‘in davom etdi.
Universitet matbuot xizmati