Universitetimizda “Suvchilar maktabi” tadbiri tashkil etildi
So‘nggi vaqtlarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi yerlarining samaradorligini, jumladan suvni tejaydigan texnologiyalarni qo‘llagan holda, oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 2023-yil 18-aprel kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida o’tkazilgan suv xo’jaligi sohasini isloh qilish masalalariga bag’ishlangan videoselektor yig’ilishida davlat rahbari tomonidan suvchilar maktabini tashkil etish topshirig’i berilgan. Shuningdek O’zR Prezidenti Administratsiyasi rahbarining 2023-yil 24-apreldagi 02-732 sonli xatida belgilangan vazifalarni ijrosini ta’minlash maqsadida tegishli yo’l xarita tuzilgan.
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozimki, o‘tgan davrda qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun 5 trln. so‘m kredit ajratilgan bo‘lib, mablag‘lar hisobiga 1 mln. gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi. Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishdagi mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish, mintaqada kuzatilayotgan suv tanqisligining salbiy ta’sirini yumshatish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv resurslaridan yanada samarali foydalanish maqsadida davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan “Agrobank” tomonidan “Suvchilar maktabi”ni tashkil etish tashabbusi o‘rtaga tashlandi.
Bugun universitetimizda ana shu tashabbusning ijrosi borasida katta tadbir bo‘lib o‘tdi. Suv xo‘jaligi vazirligi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti hamda “Agrobank” bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamraev, “TIQXMMI” MTU rektori Bahodir Mirzaev, “Agrobank” boshqaruvi raisi Rustam Mamatqulovlar ushbu maktabning istiqboli haqida o‘z mulohazalarini bildirib o‘tdilar.
Mutaxassislar tavsiyalarga ko‘ra suvdan oqilona foydalanish madaniyatini oshirishda fermerlarni o‘qitish muhim ahamiyatga ega. Shu sababli, talab va takliflarni inobatga olib, maktabda suvdan foydalanish madaniyatini oshirish, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishning ilg‘or usullari bo‘yicha bilimlar beriladi. Buning uchun sohaning tajribali mutaxassislarini jalb qilgan holda maxsus handbook ishlab chiqildi.
Birinchi bosqichda, o‘quv kurslari qishloq xo‘jaligida mahsulotlar yetishtirish hamda sug‘oriladigan 155 ta tumanda may-oktyabr oylarida davom ettiriladi. Ishtirokchilarni ro‘yxatga olish, o‘quv kurslariga jalb qilish va sertifikatlash ishlari to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, fermer xo‘jaligi o‘zi o‘qish uchun ro‘yxatdan o‘tadi va kurs yakunida sertifikatini yuklab oladi.
Maktab bilan bog‘liq barcha xarajatlar “Agrobank” tomonidan moliyalashtiriladi. Dastlabki bosqich uchun 26 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan. Kelajakda, ya’ni shu yil yakuniga qadar Respublikaning har bir hududida Suvchilar maktabi tashkil etish rejalashtirilgan. 2024-2030 yillarda 45 mingdan ortiq (har yili 6500 nafar) fermer xo‘jaliklarini sertifikatlash bo‘yicha 1 xaftalik o‘quv kurslari va “Suvchilar maktabi” platformasi tashkil etiladi.
Shuningdek, ilmiy salohiyatni oshirish, suv xo‘jaligi sohasida ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Agrobank” tomonidan birinchi bosqichda 10 mlrd. so‘m grant ajratiladi. Suv xo‘jaligini isloh qilish borasida Isroil, Turkiya, Ispaniya va Xitoydan tajribali mutaxassislar jalb qilinib boriladi.
Ma’lumot uchun:
1-guruh Andijon viloyatiga;
2-guruh Toshkent viloyatiga;
3-guruh Samarqand viloyatiga;
4-guruh Surxondaryo viloyatiga;
5-guruh Qoraqalpogiston Respublikasiga qarab yo’l oldi.
Universitet matbuot xizmati