Universitetimiz talabasi Konstitutsiya bilimdoni
“TIQXMMI” milliy tadqiqot universiteti “Ekologiya va huquq” fakulteti tyutorlari Xursandbek Ro’zmetov hamda Iroda Ahmedovalar boshchiligida fakultetning “Yurisprudensiya” yo’nalishi talabalari Konstitutsiya kuniga bag’ishlangan “Yoshlar huquqlarini kafolatlash – Yangi O’zbekiston Konstitutsiyasining ustuvor yo’nalishi” mavzusidagi yoshlar konferensiyasida qatnashish uchun Toshkent Davlat Yuridik Universitetiga tashrif buyurishdi. Mazkur konferensiyada O’zbekiston Yoshlar Ittifoqi markaziy kengashi raisi T.Poyonov, shuningdek Yoshlar ishlari agentligining bo’lim boshlig’i, TDYU prorektorlari va boshqalar spiker sifatida qatnashdilar. Konferensiyada O’zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasidagi Yoshlarga oid kiritilgan o’zgarishlar va uning mohiyati haqida so’z bordi. Bu borada yig’ilgan talabalarning fikrlari ham tinglandi. Yakunda Toshkent shahridagi OTM lari va Toshkent Davlat Yuridik universitetidan tashrif buyurgan barcha talabalar o’rtasida yangilangan konstitutsiya bo’yicha savol-javoblar o’tkazildi.
Unda “TIQXMMI” milliy tadqiqot universiteti “Ekologiya va huquq” fakulteti “Yurisprudensiya (TSM)” yo’nalishi, 106-guruh talabasi Umrzoqova Muxlisa berilgan savollarga eng birinchi va eng to’g’ri javob berib g’olib deb topildi va Sertifikat hamda esdalik sovg’alari, kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi. Shuningdek, fakultetning boshqa talabalari ham savol-javoblarda Universitet nomidan faol qatnashdilar.
“Ekologiya va huquq” fakulteti tyutorlari X.Ro’zmetov va I.Ahmedovalar axboroti
Universitet matbuot xizmati