Universitetda VEGERA loyihasi doirasida manfaatdor tomonlar bilan dialog tadbirining boshlanishi
2022 yil 19-may kuni “Toshkent irrigasiya va qishloq xo’jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti (“TIQXMMI” MTU) Germaniyaning Ebersvalde Barqaror rivojlantirish universiteti VEGERA loyihasi asoschilari ko’magida VEGERA “The improvement of energy efficiency in the building sector through the use of renewable raw materials from agroforestry systems” (Agro oʼrmonchilik tizimlarining qayta tiklanadigan xom ashyolaridan foydalanish orqali qurilish sohasida energiya samaradorligini oshirish) mavzusida Gibrid shaklidagi Kick- off Stakeholder Dialogue Event davra suhbati bo’lib o’tdi.
Tantanali ochilish marosimi “TIQXMMI” MTU rektori prof. B.S.Mirzayevning kirish so’zlari bilan boshlandi. U o’zining kirish nutqida universitetda bakalavriat yo’nalishlari va magistratura mutaxasisliklari turkumini kengaytirish maqsadida O’zbekistonda yog’och materiallarini qayta ishlash va ulardan unumli foydalanish haqida ma’lumot berdilar.
Rektor, shuningdek, yuqoridagi loyixa bizning milliy islohotlarimiz talablariga javob berishini va loyihalardan orttirilgan tajribani hayotga tatbiq etish oliy o’quv yurtlarida sifatli ta’limni oshirishga yordam berishini aytib o’tdi. Rektor o’z nutqidan so’ng mehmonlar va loyiha ishtirokchilarini tanishtirdi. Ochilish marosimida
- O’zbekistonda o’rmonchilik soxasini rivojlantirish yo’nalishlari - Oʼrmon xoʼjaligi ilmiy tadqiqot instituti direktori, professor Xamzaev Abdushukur Xudoyqulovich VEGERA loyihasi doirasida universitetning ilk qadamlari - TIQXMMI” Milliy Tadqiqot Universiteti dotsent Eshchanova Go‘zal Erkinovna; “Etiqod” MChJ Mebel korxonasi ta’sischisi Qosimov Abdug‘ani Xabirovich;
- VEGERA xalqaro loyihasini tanishtirish - (HNEE) Germaniyaning Ebersvalde Barqaror Rivojlantirish Universiteti, Professor, Dr. Martin Welp va loyiha koordinatori Dilfuza Yuldasheva;
- Agro o‘rmon xo‘jaligi mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatlari - (ICRAF) Jahon Agro oʼrmonchilik Markazi, Osiyo Idora direktori Dr. Javed Rizvi;
- Berlin texnika universiteti qoshidagi tabiiy qurilish laboratoriyasi Germaniyaning (TU Berlin) Berlin Texnika Universiteti Professor, Dr. EykeRosvag-Klinge;
- O’zbekistonda yog‘ochsozlik va mebelsozlik texnologiyasini istiqbolli rejalari - Toshkent kimyo-texnologiya instituti Tsellyuloza va yog'ochsozlik texnologiyasi kafedrasi mudiri, kimyo fanlari doktori Xusenov Arslonnazar Shernazarovich;
- Yangi O’zbekiston sharoitida energiya va resurs tejamkor zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqish sanoatining rivojlanishi - Toshkent Arxitektura va Qurilish Instituti, Oʼquv-uslubiy boshqarma boshligʼi, Qurilish materiallari va kimyo kafedrasi professori Sattorov Zafar Murodovich;
- Teraklardan qurilishda foydalanish imkoniyatlari - Toshkent Arxitektura va Qurilish Instituti Qurilish materiallari va kimyo kafedrasi dotsenti, t.f.n. Siddiqov Ikromjon Iminjonovichlar o’zlarining taqdimotlari bilan ishtirok etdilar.
Savol-javoblar davomida mehnat bozori talablariga javob beradigan mutaxassislar tayyorlashning ahamiyati, o’qitish tizimini yanada modernizasiyalash va ta’limga ilg’or texnologiyalarni joriy etish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
“TIQXMMI” MTUda yangi VEGERA “The improvement of energy efficiency in the building sector through the use of renewable raw materials from agroforestry systems” (agro oʼrmonchilik tizimlarining qayta tiklanadigan xom ashyolaridan foydalanish orqali qurilish sohasida energiya samaradorligini oshirish) mavzusidagi xalqaro Gibridlashtirilgan davra suhbatini o’tkazilishi barchada yaxshi taassurot qoldirdi.
Bugungi tadbir VEGERA ”Agroo’rmonchilik tizimlarining qayta tiklanadigan xom ashyolaridan foydalanish orqali qurilish sohasida energiya samaradorligini oshirish” loyihasining ilk muzokarasi hisoblanadi.
Ushbu tadbir Germaniyaning Ebersvalde Barqaror Rivojlantirish Universiteti bilan hamkorlikda, Halqaro Iqlim Tashabbusi- Medium Grantlari dasturining Qurilish sohasida energiya samaradorligi yo’nalishida e’lon qilingan tanlovda universitetimiz yetakchi ta’lim muassasasi sifatida qo’lga kiritgan halqaro loyihasi doirasida bo’lib o’tmoqda.
Tadbirdan ko’zlangan asosiy maqsad VEGERA loyihasi doirasida akademik, professor-o’qituvchi, tadqiqotchi va mutaxassislar ishtirokida agroo’rmonchilik tizimlarining qayta tiklanadigan xom ashyolari bo’yicha oliy ta’lim muassasalarining xalqarolashuvini kengaytirish hamda xalqaro hamkorlik va tajribalar almashinuvini tashkil etishdan iborat bo’lib, tadbirda qurilishda ishlatiladigan xom-ashyo materiallari bo’yicha Germaniya universitetlarining yetakchi olimlari bilan bir qatorda soha mutaxassislari ham ishtirok etishmoqda.
Bugungi muloqot shaklidagi tadbirning maqsadi VEGERA loyihasini tegishli manfaatdor tomonlar va keng jamoatchilikka taqdim etish va qurilish sohasidagi keng imkoniyatlarni muhokama qilishga qaratilgandir.
Loyiha Xalqaro iqlim tashabbusining dasturining bir qismi hisoblanib, Atrof-muhit, tabiatni muhofaza qilish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federal vazirligi (BMUV) Germaniya Bundestagi tomonidan qabul qilingan qaror asosida moliyalashtirilmoqda.
Bugungi tadbirda to’plangan boy tajriba O’zbekistonda loyiha sohalari bo’yicha ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirishga milliy va halqaro darajadagi islohotlarning uyg’unlashishiga ko’mak berishiga ishonamiz.
Universitet matbuot xizmati