TIQXMMI yangiliklari

img
17.10.2022

Universitet Yoshlar ittifoqi yetakchisi saylandi

Zar qadrini zargar biladi deganlaridek, yoshlarning tilini, qiziqishini yoshlarning o’zlari yaxshiroq tushunishlariga shubha yo’q. Ularning o’ziga xos tabiati va dunyosi bor. Universitetimizda yoshlar ittifoqi boshlang'ich tashkiloti yetakchisining saylanishiga bag’ishlangan tadbir bugun maroqli tarzda kechdi. Tadbirni universitetimizning birinchi prorektori Ro’zimurod Choriyev boshqarib bordi. Yig'ilishda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Mirzo Ulug‘bek tumani mahalliy Kengashi raisi Bobur Xo‘jamqulov Baxtiyor o’g’li ishtirok etdi.

Shuningdek, tadbirda yoshlar masalalari bo'yicha dekan o'rinbosarlari, bo'lim boshliqlari TTJ direktori, TTJ sardorlari va talabalar qatnashishdi. R.Choriyev davlat va hukumatimizning yohlarga e’tibori va yaratilgan imkoniyat hamda sharoitlar haqida so’z yurita turib yoshlarni o’qish va madaniy tadbirlarda faol bo’lishga chorladi.  Yoshlar ittifoqi yetakchisi Davronbek Rasulov Qashqadaryo safarida bo’lgani bois qilingan ishlari to'g'risida bir yillik hisobotni uning o’rniga Bo'riyev O'lmasbek o'qib berdi. So’ngra universitet Yoshlar ittifoqi yetakchisi qilib “Yer resurslarini boshqarish” fakulteti 3-bosqich talabasi Tojiyev Xudoyberdi Ablakim o'g'lining nomzodi ko’rsatildi va bir ovozdan ma’qullandi.

Universitet matbuot xizmati