TIQXMMI yangiliklari

img
10.02.2022

Universitet rahbariyatining talabalar turar joylariga tashrifi

Joriy yilning 9 - fevral kuni “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti rektori, professor Mirzayev Baxodir Suyunovich, fizik olim professor Axmedov Bobomurod Jo‘rayevich, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Choriev Ro‘zimurat Kungratovich hamda mas’ullar hamrohligida universitet talabalar turar joylarida yaratilgan shart-sharoitlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish hamda takliflarni o‘rganish yuzasidan tashrif buyurishdi.

Tashrif chog‘ida universitetimiz rektori 3-Talabalar turar joyida yaratilgan sharoitlarni o‘rganish jarayonida tibbiyot xonasi, kir yuvish xonasi, tikuvchilik xonasi, sartarosh xonasi bilan tanishib, kir yuvish xonasida talabalar uchun qulay bo‘lishi uchun universitet hisobidan yangi avtomat kir yuvish mashinalari olib berish bo‘yicha taklif va topshiriqlar berib o‘tdilar. Shuningdek, 5 ta muhim tashabbus doirasida tashkil etilgan tikuvchilik xonasi uchun qizlarimizga tikuv materiallarini universitet hisobidan olib berilishi yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi, shuningdek, Talabalar turar joyidagi kutubxona bilan tanishib chiqib, talabalarning darsdan bo‘sh vaqtlarida dars tayyorlashlari hamda kitob mutoalasi uchun kutubxona fondini boyitish maqsadida badiiy va publisistik adabiyotlar bilan ta’minlash bo‘yicha alohida ko‘rsatmalar berildi. Shundan so‘ng, talabalar  yashash xonalari va oshxonalar holati va mavjud sharoitlar bilan tanishib chiqildi, xonalar ko‘zdan kechirildi, fizik olim Bobomurod Jo‘raevich talabalar bilan muloqot jarayonida “Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish” fakultetining bir guruh talabalari bilan ularning bilim darajasini sinab ko‘rish maqsadida ingliz tilida muloqot olib bordilar, tabiiyki, talabalarimiz bemalol ingliz tilida muloqot olib borishdi. Rektorimiz tomonidan talaba qizlarimiz uchun badan tarbiya mashqlari va sport bilan shug‘ullanishlari uchun “Fitnes” zali tashkil etish bo‘yicha taklif va tegishli ko‘rsatmalar berib o‘tildi.

Talabalar turar joylarida yashaydigan imkoniyati cheklangan talabalar yashash xonalari ko‘zdan kechirildi, ular bilan muloqotlar olib borilib, muammo va kamchiliklari o‘rganildi. Imkoniyati cheklangan talabalarimiz uchun universitet hisobidan har kunlik bepul kechki ovqat bilan ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berib o‘tdi. Talabalar turar joyiga rektorimizning tashrifi ular uchun yaratilgan sharoitlarni yaxshilash va yanada qulayliklar yaratish uchun yana bir muhim qadam bo‘ldi, desak, xato bo’lmaydi.

 

“SXTE va B” fakulteti dekani o‘rinbosari J.Turdiev ma’lumoti

Universitet matbuot xizmati axboroti