Universitet magistranti Vengriyada ilmiy stajirovka oʻtab qaytdi
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti tomonidan moliyalashtirilgan dastur doirasida “Geodeziya va Geoinformatika” mutaxassisligi 2-bosqich magistranti Allamurat Arzumuratov may oyida Vengriya davlatining Obuda universitetida 1 oylik ilmiy stajirovka oʻtab qaytdi.
Unga Obuda universiteti professori Dr. Andrea Podor rahbar sifatida biriktirilib, ilmiy tadqiqot ishi boʻyicha Vengriya tajribasini oʻrgandi. Mazkur stajirovka dasturiga binoan, geodeziya va geoinformatika sohalari boʻyicha Obuda universiteti professor oʻqituvchilari olib borayotgan ilmiy ishlari bo’yicha ma’ruzalar va trening kurslarida ham ishtirok etdi.
Allamurat Arzumuratov “Google Earth Engine” (GEE) dasturida ishlash va masofadan zondlash boʻyicha Obuda universiteti oʻqituvchisi Boroch Balashdan Vengriya tajribasini oʻrgandi. Shuningdek, Obuda universiteti oʻqituvchisi Laslo Gergey tomonidan tashkil etilgan zamonaviy geodezik asboblar va ularning ishlash tamoyillari boʻyicha trening darslarida qatnashdi hamda geodeziya sohasi boʻyicha Vengriya davlatida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishdi.
Stajirovka muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Magistrantimiz Obuda universitetida tashkil etilgan bir qator qiziqarli va foydali tadbirlarga jalb etilib, ularda faol ishtirok etib qaytdi.
Universitet matbuot xizmati