TIQXMMI yangiliklari

img
04.10.2023

Ularni unutib bo'lmaydi

Bundan 85 yil muqaddam  aynan shu kun - 1938-yil 4-oktabrda "O'zbek ma'rifati" fojiali tarzda o'zining minglab begunoh farzandlarini tuproqqa berdi. Bu mash'um kunda "jadid"lar nomi bilan tanilgan ilm rahnamolari, ma'naviyat peshvolari yo'qlikka mahkum etildi.
Bugun “Qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash” fakulteti, Qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash yo'nalishi 1 - kurs talabalari bilan millat kelajagi uchun, avlodlarning ma'rifatli, ma'naviyatli bo'lmog'i uchun shahid ketgan ana shunday ajdodlarimiz ruhi poklariga duoi fotihalar qilish maqsadida "Shahidlar xiyoboni"ga yo'l oldik.


O'zbek romanchiligining asoschisi "Julqunboy"-Abdulla Qodiriy, Ma'rifati osmoning "Mitti yulduz"i-Cho'lpon, "Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot......masalasidir " - deb hayqirgan Abdulla Avloniy va yana o'nlab "jaholatga qarshi ma'rifat" bilan kurashmoq istagan bobolar siymosini yanada yorqinroq ko'z oldimizga keltirish maqsadida "Qatag'on qurbonlari" muzeyiga tashrif buyurdik. Bu yerda Qozog'iston elchixonasi rahbarligida, qozoq madaniyat markazining tashabbusi bilan qatag'onga uchragan qozoq adiblariga atalgan bo'limning muzeydagi ochilish marosimiga duch keldik.

Turli teatr tomoshalari-yu tarixiy sahna ko'rinishlariga boy bu tadbir barchaga bu dorulomon kunlarga osonlik bilan yetmaganligimizni, ajdodlar oldida ilmi urfon yo'lida ado etib bo'lmas darajada qarzdor ekanimizni teran anglashda munosib dars bo'ldi desam, aslo xato bo'lmaydi. Shu o'rinda Yana kichik ma'lumot: talabalarimiz OAV xodimlarida ham qiziqish uyg'otdi nazarimda. Tez fursatda ekranlarda ko'rinsak ajabmas.


“Qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash” fakulteti tyutori O.Abdullayeva axboroti
UNIVERSITET MATBUOT XIZMATI