Tyutorlik - mas’ullikdir
Ma’lumingizkim, 2021 - yil 1 - sentabrdan boshlab talabalar bilan ishlash bo‘yicha “guruh murabbiyi" instituti bekor qilinib, uning o‘rniga talabalar bilan ishlaydigan “tyutorlar" amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Tyutor birinchi navbatda, ma’lum bir sohaning mutaxassisi bo‘lib, uning asosiy vazifasi talabaga muayyan bilim va ko‘nikmalar berishdan iborat. Talabalar g’alabasida ularning o’rni ayrichadir. Universitetimizda tyutorlar uchun o’quv seminarlari tashkil etilgani ham bejiz emas. Ular o’z ishlarini mas’uliyatli ekanini obdon bilib o’rganishlari zarur. Shuning uchun ham ularga universitetimiz prorektorlari tomonidan muayyan mavzular bo’yicha ma’ruza va amaliy mashg’ulotlar tarkibi shakllantirildi.
Videokonferensiyalar zalida “Kredit modul tizimini mazmun-mohiyati va bu sohada tyutorlarni talabalar bilan ishlash” (Xudayarov B.A.), “Talaba-yoshlarni o‘z-o‘zini boshqarishga o‘rgatishda tyutorlarning roli” (Choriyev R.K), “Talaba-yoshlarni start-up loyihalarga jalb qilish va kelajakda ilmiy sohalarga jalb etish” (Sultonov T.Z.), “Talaba-yoshlarning chet tillarni o‘rganishi, xorijiy OTMlarda o‘qishlaridagi imkoniyatlar” (Salohiddinov A.T.), “O‘quv binolari va TTJ lardagi yaratilgan sharoitlarni ko‘z-qorachig‘iday saqlash va talaba-yoshlarning bunga mas’uliyatini oshirish” (Xasanov B.U) bo’yicha mashg’ulotlarni boshlab yuborishdi. Tyutorlar tom ma’noda, talabaga o‘quv jarayoni davomida o‘z salohiyatini namoyon qilish, o‘zini yanada yaxshiroq anglash, o‘qish va hayotda to‘g‘ri qaror qabul qilish va tanlashni o‘rgatadi. U talabaga har bir qadam va harakatlarining oqibatlarini anglash, hayotda o‘z qiziqishlarini topishga yordam beradi. Buning uchun tyutor o‘z tarbiyachilarining qiziqish va moyilliklarini, muammo va qiyinchiliklarini chuqur tahlil qiladi. U talabaning atrofidagi intellektual va psixologik muhitni sinchkovlik bilan o‘rganadi. Bir so‘z bilan aytganda, tyutor talaba va ta’lim jarayoni o‘rtasidagi bog‘lovchi kuch hisoblanadi. Uning yordamida o‘qish qiziqarli va samarali jarayonga aylanishi lozim. Bugun birinchi mashg’ulot tashkil etildi. Mavzu yuzasidan tyutorlar prorektor B.Xudayarovga savollar berib tegishli javoblarni olishdi.
Universitet matbuot xizmati