TIQXMMI yangiliklari

img
07.02.2023

Turkiy til mavqeini ko’targan buyuk inson

Joriy yilning 2-fevral kuni “TIQXMMI”  Milliy tadqiqot universiteti B-bino 207-o'quv auditoriyasida Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi munosabati bilan “O'chmas g'azallar” nomli navoiyxonlik kechasi bo'lib o'tdi. Tadbirda “Iqtisodiyot” fakulteti dekani R.Xakimov, dekan o'rinbosari J.Turdiyev, fakultet t`yutorlari hamda  103a,104,108,113-guruh talabalari ishtirok etishdi. Fakultet dekani R.Xakimov so'zga chiqib, talabalarni doimiy ravishda kitob mutolaa qilishga chaqirdi. Kitob o'qigan insonning dunyoqarashi, madaniyati, nutq madaniyati va o'zini tutishi bilan atrofdagilarga namuna bo'lishini   ta'kidladi. Shuningdek, bugungi tadbirning sababchisi Mir Alisher Navoiyni turk dunyosi tomonidan hamma davrlarda e'zoz bilan tilga olinib kelinayotganligi haqida fikrlar bildirdi. Butun umrini - turkiy til mavqeini ko'tarish, turkiy adabiyot imkoniyatlarini jahonga tan oldirish, jamiyatda adolat mezonlarini qaror toptirishga bag'ishlagan Navoiy bobomiz  haqida ma'lumot berdi.

Kamol et kasbkim, olam uyidin

Sango farz o'lmag'ay g'amnok chiqmoq.

Jahondin notamom o'tmak biayni,

Erur hammomdin nopok chiqmoq.

Fakultet dekani R.Xakimov Alisher Navoiy qalamiga mansub ushbu misralarni o'qidi va so'zma-so'z o'zbek tiliga tarjima qilib va nechog'lik tarbiyaviy ahamiyatga ega ekanligini tushuntirib o'tdi. Bundan ruhlangan  fakultet t`yutorlari va fakultetning faol va iqtidorli talabalari tomonidan Navoiy bobomizning g'azallari va ruboiylaridan navbatma-navbat  parchalar o'qib berishdi  va hatto quyidagi g'azalini hamma birgalikda jo'r bo'lib aytishdi.

Mehr ko‘p ko‘rguzdum, ammo mehribone topmadim,

Jon base qildim fido, oromi jone topmadim.  

G‘am bila jonimg'a yettim, g'amgusore ko‘rmadim,

Hajr ila dilxasta bo‘ldum, dilsitone topmadim.....

Navoiyxonlik kechasi yuqori kayfiyatda bo'lib o'tdi. Buyuk bobokalonimiz Mir Alisher Navoiy o'zining o'chmas, o'lmas asarlari bilan doimo tillarda doston bo'lib insoniyat qalbida abadiy yashaydi!

Fakultet tyutori M.Vafoyeva axboroti

Universitet matbuot xizmati