TIQXMMI yangiliklari

img
13.12.2021

Turar joylarni ijaraga oluvchi talabalarda soliq majburiyati yuzaga kelmaydi

Ijtimoiy tarmoqlarda jismoniy shaxslar tomonidan talabalarga turar joylarini ijaraga berishdan olingan daromadlari bo‘yicha to‘lanadigan daromad solig‘ini talabalar zimmasiga yuklaganligini bayon etilgan axborotlar yuzasidan Davlat soliq qo‘mitasi quyidagilarni maʼlum qiladi.

1. Ko‘chmas mulk obyektlarini talabalarga ijaraga berishda daromad oluvchi mulk egasi bo‘lib, Soliq kodeksining 375-moddasiga muvofiq bunday daromad jismoniy shaxslarning mulkiy daromadlari hisoblanadi.

2. Mazkur kodeksning 85-moddasiga asosan soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash ijaraga beruvchi jismoniy shaxslarning majburiyati hisoblanib, natijada ijarada turuvchi talabalarda soliq majburiyati yuzaga kelmaydi.

3. Shuningdek, jismoniy shaxslar uy-joylarini talabalarga ijaraga berish faoliyati bo‘yicha olgan daromadlarini soliqdan ozod etish yuzasidan Soliq kodeksining 378-moddasiga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ko‘rib chiqilib, birinchi o‘qishda qabul qilingan va 2022-yil 1-yanvardan amaliyotga tatbiq etiladi.

4. Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan talabalar va turar joyini ijaraga beradigan fuqarolar uchun qulayliklar yaratish maqsadida, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-sentabrdagi 595-son qaroriga asosan ijara shartnomalarini elektron hisobga qo‘yish uchun “Ijara.soliq.uz” elektron xizmati ishlab chiqildi.

Mazkur elektron xizmat tizimi Oliy va o‘rta-maxsus taʼlim vazirligi maʼlumotlar bazasi bilan integratsiya qilinib, talabalarning barcha maʼlumotlari avtomatik ravishda shakllantiriladi hamda ko‘chmas mulk obyektlarini talabalarga ijaraga berayotgan jismoniy shaxslarning olgan daromadlarini soliqdan ozod qilinishi ham avtomatik tarzda amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Ushbu xizmat turi test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tkazildi va 2022-yil 1-yanvardan to‘liq ishga tushiriladi.

Manba: soliq.uz