TIQXMMI yangiliklari

img
26.04.2023

Tuproq qoplami kartalarini tuzish yo‘llari

Tuproqlar yerni yuza qismidagi unumdorlik xususiyatiga ega qoplami bo‘lib, ularni xaritalashtirishni o‘ziga xos xususiyatlari bor. Tuproqlarni kartaga tushirish qishloq xo‘jaligida, ilmiy tadqiqotlarda o‘ta muhim ahamiyatga ega ekanligi sababli, u yuqori darajada rivojlangan mavzuli kartaga olishning bir turi hisoblanadi. Dotsent O.Ro‘ziqulova tomonidan 15.04.23 kuni Yer resurslari va kadastr fakulteti, Geodeziya va geoinformatika yo‘nalishi sirtqi guruh talabalariga o‘tiladigan Tabiiy kartalarni loyihalash va tuzish fanidan “Tuproq kartalarini loyihalash va tuzish” mavzusini yoritilishida soha egalaridan “Tuproqshunoslik va dehqonchilik” kafedrasi dotsenti O.Xaqberdiev ochiq darsga taklif etildi. Tuproqshunos olim tuproq va uning xususiyatlarini kartaga olish yo‘llari, dala tadqiqotlarini olib borish uslublari yuzasidan talabalarga keng va batafsil ma’lumotlar berdi. Jumladan: tuproqlarni paydo bo‘lishida ona jinsni roli; O‘zbekistonda va dunyoda tuproqlarni zonal tarqalishi; tuproqlarni balandlik mintaqalanishi; Orolqum kengliklarida yuzaga chiqib qolgan sho‘rxoklar va ularni tevarak atrofga shamol ta’sirida tarqalmasligini oldini olish choralari; yerlarni ball bonitetini aniqlash; o‘lkamizda cho‘l, tog‘li va tog‘ oldi hududlarida tarqalgan tuproq tiplari hamda ularni muhofaza qilish bo‘yicha boy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Kartaga olish yo‘llari V.V.Dokuchaev (1903) g‘oyasi bo‘yicha tizimlangan va tuproqlarni genetik tasniflashga asoslanib ishlab chiqilgan. Tuproqshunoslar tuproqni tabiiy-tarixiy jism deb hisoblab, uni ishlab chiqarish ob’ekti sifatida o‘rganadi. Tuproq qoplamini o‘rganish xalq xo‘jaligi muammolarini yechish va amaliy tadbirlarni olib borishga zarur bo‘lgan muhim ma’lumotlarni beradi. Qishloq xo‘jaligini tez rivojlanib borayotganligi sababli yer resurslari miqdorini hisobga olish, yer fondi sifatini baholash – bugungi kunda muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bu vazifalar davlat miqyosida, yoki muayyan bir xo‘jalik bo‘yicha turli masshtabli tuproq kartalari yordamida yechilmoqda. Tuproq ona jins yotqiziqlari ustida va tuproq hosil bo‘lish jarayonida, iqlim va biologik omillar asosida rivojlanadi. Har bir tuproq qatlami ko‘rsatkichlari chuqurlikga tomon o‘zgarib boradi. Natijada, tuproq tiplarga, xillarga ajratiladi va ular o‘ziga xos genetik xususiyatlarga ega.

Tuproqshunos olimlardan: A.Kovda, S.Abdullaev, R.Qo‘ziev, O.Axmedov va boshqalar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar yuzasidan ma’lumotlar berildi. O‘lkamizda ko‘p uchraydigan tuproq sho‘rlanishini birlamchi va ikkilamchi yuzaga kelish sabablariga ham to‘xtalib o‘tildi. Tuproq qoplami – bu hudud bo‘yicha tarqalgan tuproqlar birlashmasidir. Ochiq dars so‘ngida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar. Jumladan: dala tadqiqotlarida olib boriladigan “kalit maydonlar”da bajariladigan ishlar hamda dala tadqiqotlarini bahor va kuzda o‘tkazilish sabablari; Sho‘rlanish kartalarini tuzish jarayonida tuproq namunalari olish metodikasi (10-15 gektar maydonda 1 ta kalit maydon),  tuproq kartasini tuzishdagi uslublar, respublika tuproqlarida uchraydigan o‘zgarishlarni kartalashtirishda ma’lumotlar bazasiga kiritilishi, shudgorlash texnologiyasi, zovurlar o‘tkazish talablari, hosildorlikni ko‘paytirish uchun qilinadigan agrotexnik va meliorativ ishlar, raqamli tuproq kartalarini tuzish, 1 sm tuproq hosil bo‘lishi uchun 100 yil kerak bo‘lishi, tuproqlarni organik moddalar bilan oziqlantirish yo‘llari, gidroponika usulida hosildorlik olishni ijobiy va salbiy jihatlari (Xitoyda etishtirilgan hosilning 80%i, Isroil davlatini eksportini asosiy qismini tashkil etishi va boshq.),  tuproqlarni degradatsiyaga uchrashi (hosildorlikni yo‘qotilishi-cho‘llashishga olib kelishi kabilar),  sho‘rlangan yerlardan samarali foydalanish bo‘yicha sho‘rga chidamli ekin navlari yetishtirish yuzasidan boy ma’lumotlar oldilar. Introzonal tuproqlarga sur qo‘ng‘ir tuproqlar misol bo‘lib, cho‘lda va tog‘larda uchraydi. Karbonatli tuproqlar sug‘orish ta’sirida suvda erib, o‘simliklarni ildiz qismida tuproqni qotishiga va oziqlanishiga zarar yetkazadi. Suvda eriydigan (sulfat, magniy, xlor va boshq.) va erimaydigan tuzlar (karbonat, gips kabi) xususiyatlari yuzasidan ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.  Qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish karta-sxemasi yuzasidan fikrlar almashildi. "Geodeziya va geoinformatika" kafedrasi dotsenti O.Ro‘ziqulova va "Tuproqshunoslik va dehqonchilik" kafedrasi mudiri biologiya fanlari nomzodi, dotsent O.Xaqberdiyevlar axboroti

                    Universitet matbuot xizmati