TIQXMMI yangiliklari

img
06.09.2022

Toshmuhаmmаd Niyozovich Qori-Niyoziy

T.N.Qori-Niyoziy atoqli matematik olim, fizika-matematika fanlari doktori, professor, akademik, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Mehnat qahramoni, Beruniy nomidagi davlat mukofoti laureati.

U matematika fani va O‘zbekiston oliy taʼlimining rivojlanishida samarali pedagogik faoliyati va ilmiy kadrlar tayyorlashdagi xizmatlari bilan ulkan hissa qo‘shgan olimlardan biridir.

T.N.Qori-Niyozov 1897-yilda Xo‘jand shahrida kosib oilasida tug‘ilgan. Uning mehnat faoliyati erta boshlangan, 1916-yilda Farg‘ona shahridagi rus-tuzem maktabini tamomlab, shu maktabda o‘qituvchi sifatida faoliyatini boshlagan. U Qo‘qon pedagogika texnikumining tashkil etilishida faol ishtirok etgan va 1920–1925-yillarda shu texnikumni boshqargan.

U o‘zbeklar orasida O‘rta Osiyo davlat universiteti, fizika-matematika fakultetiga birinchilardan bo‘lib o‘qishga kirdi va 1930-yili o‘qishni muvaffaqiyatli tugatdi. 1931-yildan 1933-yilgacha shu universitetning rektori lavozimida ishladi. Qori-Niyoziyga o‘zbeklardan birinchi bo‘lib 1931-yili professor unvoni berildi, 1939-yilda esa fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasi berildi. 1939–1943-yillar davomida T.N.Qori-Niyoziy kirill yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosini ishlab chiqishga rahbarlik qildi va bu alifbo O‘zbekiston jamoatchiligiga, madaniy-maʼrifiy va ijtimoiy hayotiga muvaffaqiyatli joriy etildi. 1946-yildan boshlab T.N.Qori-Niyoziy doimiy ravishda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti, Oliy matematika kafedrasi mudiri bo‘lib ishladi.

T.N.Qori-Niyoziy o‘zbek matematika terminologiyasi, oliy va o‘rta o‘quv muassasalari uchun matematik adabiyotlar asoschisi hamda fan tarixi bo‘yicha yirik mutaxassis hisoblanadi. Uning uch yuzdan ortiq ilmiy ishlari nashr qilingan, jumladan, fan sohasida olamshumul kashfiyot sifatida chuqur tan olingan “Ulug‘bekning astronomiya maktabi” monografiyasi 1952-yilda davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari, 1937-yilda “Аnalitik geometriya asoslari”  va 3 tomlik “Matematik analiz asosiy kurslari” nomli kitoblari nashr etildi.  Uning rahbarligida 7 nafar fan doktori va 100 dan ortiq fan nomzodlari dissertatsiyalari muvafaqqiyatli himoya qilindi.

1937–1940-yillarda T.N.Qori-Niyoziy O‘zbekiston Fanlar qomitasi prezidiumining raisi, Ozbekistondagi SSSR Fanlar akademiyasi filiali raisi bolgan. 1939–1943-yillarda Ozbekiston Xalq Komissarlari Komiteti raisining fan, madaniyat va sanʼat boyicha muovini lavozimlarida faoliyat yuritgan. 1943-yilda Ozbekiston Fanlar akademiyasi tashkil etilib, OzR FА akademikligiga birinchilardan bolib saylangan va 1943–1947-yillarda Ozbekiston Fanlar akademiyasi birinchi prezidenti bo‘lgan.

U O‘zbekiston tarixiy obidalar va madaniyatini himoya qilish jamiyati prezidiumining raisi muovini, Xalq universitetlari Respublika Kengashi raisi, “Fan va turmush” jurnali muharriri va bir qator ilmiy jamoatchilik kengashlari va jamiyatlar aʼzosi bo‘lgan.

T.N.Qori-Niyoziy ko‘p xalqaro kongresslar va simpoziumlarda ishtirok etgan, 1954-yilda Xalqaro astronomik jamiyati aʼzosi, 1968-yilda Fanlar tarixi bo‘yicha 12-Xalqaro kongressi Bosh Аssambleyasi aʼzosi etib saylangan. U hamkorlik yuzasidan Yaponiya, Hindiston, Italiya, Bolgariya, Аfgoniston va boshqa koplab chet davlatlarida ilmiy safarlarda bo‘lgan.

T.N.Qori-Niyoziyni O‘zbekiston ziyolilari oqsoqoli deb atashadi. Butun umrini ilm va madaniyatni rivojlantirishga bag‘ishlagan, jamiyat ijtimoiy va siyosiy hayotida faol ishtirok etgan, yoshlar tarbiyasiga ko‘p kuch va quvvat sarflagan ustozimiz Toshmuhammad Niyozovich Qori-Niyoziy 1970-yilning 17-mart kuni 73 yoshida vafot etadi.

Buyuk olim haqidagi xotiralar hamisha bizning yuragimizda saqlanib qoladi.

Асрга тенг тақдир... - YouTube