“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti talabalari “Mirzo Ulugʻbek vorislari” Respublika tanlovida g'olib bo'lishdi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-yanvardagi “Isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasi faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 30-sonli qaroriga muvofiq mamlakatimizda iqtidorli yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Mirzo Ulugʻbek vorislari” Respublika tanlovini tashkil etish belgilangan.
Joriy yilda tanlovda ishtirok etish maqsadida 47 514 nafar yoshlar roʻyxatdan oʻtib, ularning 9 837 nafari IQ test sinovlaridan muvafaqqiyatli oʻtdi va Tanlovning birinchi bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻldilar. Tanlovning 1-bosqichi Respublikamizdagi 206 ta tumanlar (shahar) kesimida tashkil qilinib, unda jami 9 796 nafar, 2-bosqichi 14 ta hududda tashkil qilinib, unda jami 1003 nafar iqtidorli yoshlar oʻz loyihalarini Komissiya aʼzolariga taqdimot qildilar.
Tanlovning ikkinchi bosqichi yakunlariga koʻra ishtirokchilar 280 nafar (186 nafar oʻgʻil bola, 94 nafar qiz bola, 96 nafar 16-19 yosh toifasida, 184 nafari 20-25 yosh toifasida, 244 nafar talaba, 30 nafar maktab oʻquvchisi, 6 nafari ish bilan band yoshlar) iqtidorli yoshlar Respublika bosqichi ishtirokchisiga aylandi. Tanlovning Respublika bosqichi joriy yilning 20-24-may kunlari Toshkent shahridagi Turin Politexnika universitetida oʻtkazildi. Ushbu o‘tkazilgan tanlovlarda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining 4 nafar iqtidorli yoshlari, Muhammadiyev Murodbek, Energetika fakulteti 1-bosqich talabasi, Yangiboyev Diyorbek, Energetika fakulteti 2-bosqich talabasi, Ibrohimov Noʻmonjon, Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash fakulteti 3-bosqich talabasi, Mamatov Valijon, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti sirtqi bo‘limi xodimi o‘zlarining innovatsion loyihalari bilan ishtirok etib Respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar.
G‘oliblar diplom, statuetka hamda bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravarida (6 800 000 so‘m) pul mukofoti bilan taqdirlandilar.
Iqtidorli talabalar bo‘limi axboroti