TIQXMMI yangiliklari

img
10.04.2024

"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti rektori Baxodir Mirzayevning Ramazon hayiti tabrigi

Xalqimizning uzoq asrlik an’analarini, oliyjanob fazilatlarini o‘ziga jo etgan Ro‘zai Ramazon hayiti bayrami bilan siz azizlarni, jamoadoshlarimni samimiy qutlashdan baxtiyorman.

El-yurtimizning ma’naviy hayotida beqiyos o‘rin egallab, jamiyatimizda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik tamoyillarini yanada mustahkamlab kelayotgan ushbu qutlug‘ bayram barchamizga muborak bo‘lsin!

Mana shunday shukuhli va saodatli ayyomda mamlakatimizdagi turli millat va elatlar o‘rtasida totuvlik, ahillik va hamjihatlik muhiti tobora yuksalib borayotganidan beixtiyor g‘ururlanadi kishi.

Davlatimiz rahbari xalqimizga Ramazon hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabriklarida yoshlarimizni azaliy qadriyatlarimiz bilan birga zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, Vatan tuprog‘ini ko‘ziga to‘tiyo qilib yashaydigan insonlar etib tarbiyalash asosiy burchimiz ekanini ham qayd etdilar: “Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz” degan shior asosida ta’lim maskanlari va mahallalarda olib borilayotgan tarbiyaviy ishlarni kuchaytirishimiz zarurligini" e’tirof etganlari ham bejiz emas. Bu esa ta’limiy jarayon va tarbiyaviy masalalarga daxldor kasb sohiblari sifatida ta’lim muassasamiz professor-o‘qituvchilariga e’tibor yana bir karra oshadi.

Shunday ekan, universitetimizning barcha jamoasini, ustozu shogirdlarimizni, talaba yoshlarimizni Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan ushbu saodatli lahzalarda yana bir karra muborak Hayit ayyomi bilan chin dildan qutlab, barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxtu saodat, tinchlik-xotirjamlik va xonadoningizga fayzu baraka tilayman. Erishgan va erishayotgan yutuqlarimizda sizlarning alohida o‘rinlaringiz borligini hurmat bilan aytgim keladi.

Hamisha ilmu fan va ta’lim rivoji yo‘lida sizlarga kuch-quvvat va omad yor bo‘lishini tilayman.

Ramazoni sharif har bir xonadonga, har bir oilaga, jonajon yurtimizga qut-baraka, sog‘lik-omonlik hamda fayzu baraka olib kelsin.

Ramazon hayiti qutlug‘ bo‘lsin, qadrdonlarim!