TIQXMMI yangiliklari

img
10.04.2022

"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti Boshqaruv Kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 9 - aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligida videokonferensiya tarzida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Boshqaruv kengashining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Kengash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 dekabrdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari uchun muhandis kadrlarni tayyorlash tizimini innovatsiya va raqamlashtirish asosida tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq tashkil etilgan.

Kengashning asosiy vazifalariga Universitetni strategik rivojlantirish boʻyicha uzoq va oʻrta muddatli dasturlarni ishlab chiqish va tasdiqlash, uning biznes - rejasini shakllantirish va asosiy moliyaviy koʻrsatkichlarni tasdiqlash kiradi. Kengash, shuningdek, qishloq va suv xoʻjaligi texnologiyalari sohasida taʼlim, ilmiy-tadqiqot va ilmiy ishlanmalar almashinuvini hamda Fanlar Akademiyasi va tarmoq tadqiqot institutlari bilan universitetning oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtiradi. Bundan tashqari, Kengash vakolatiga ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish va startap-loyihalarni ilgari surish, taʼlim va ilmiy-tadqiqot jarayonlariga investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, yetakchi xorijiy oliy oʻquv va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan samarali aloqalarni oʻrnatish masalalari kiradi.

Yigʻilish davomida Kengash kotibi, Universitet rektori, professor B.Mirzayev tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 - yil 10 -:dekabrda qabul qilgan PQ-42 sonli Qarorini ijrosi yuzasidan bugungi kunga qadar Universitetda amalga oshirilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida hisobot taqdim etildi.

Shuningdek, yigʻilishda Universitet faoliyati bilan bogʻliq bir qator tashkiliy, maʼmuriy va moliyaviy masalalar koʻrib chiqildi va ularning har biri boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti matbuot xizmati