Teаtr nаmoyishi universitetimizdа
Teatr bilan hamkorlik bu hammaslaklik, hamjihatlik demakdir. Teatrning bu ibratxona, tarbiya maktabi ekanligi oʼtgan asrdayoq jadid maʼrifatparvari Mahmudxoʼja Behbudiy tomonidan eʼtirof etilgani maʼlum. Shunday ekan, taʼlim tizimi, sanʼat va madaniyat yoʼnalishidagi muassasalar hamkorligining yoʼlga qoʼyilishi katta ahamiyatga ega. Oʼzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oʼzbekiston davlat satira teatri Аbdulla Oripovning turkum sheʼrlari asosida “Qarsak chaling” deb nomlangan bir aktyor teatri badiiy kompozitsiyasini tashkil etishgan. Bir hafta davomida teatr kunlarining davom etishiga universitetimiz jamoasi ham xayrixoh boʼlib bu tashabbusdan chetda emas.
Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan artist Tolib Hojiyev ssenariy muallifligidagi ushbu teatr namoyishi talaba va professor oʼqituvchilarimizga juda maʼqul keldi. "Tilla baliqcha", "Suv", "Biinchi muhabbat", "Men nechun sevaman O'zbekistonni", "Yangi yil hangomasi", "Maymuniyat", "Ajdodlar va avlodlar" she'rlari va kichik hajviyalarini ifodali o‘qish asnosida mashhur teleminiatyuraning sho‘xchan kuylari ta'sirida ma'lumotlar berdi. Xalq shoiri Аbdulla Oripov ijodiyotining muayyan qirralarini ochishga qaratilgan bir aktyor teatri ijrosini toʼldirish va badiiy bezak berishda taniqli xonandalardan Mirzoxid Otabekov va Shaxnoza Xudoyberdiyevalarning hissasi sezilarli boʼlgani rost. Bu hamkorlik doimiy ravishda talabalarni teatrga, sanʼatga yaqinlashtirish jihatidan ham ahamiyatli. Ularga oʼqish jarayonida teatrga borish uchun vaqt va masofa nuqtai nazaridan bir muncha noqulaylik tugʼilishi mumkin. Shuning uchun ham milliy tadqiqot universitetimizning katta anjumanlar saroyida teatr jamoasining kelib oʼz namoyishlarini havola etishi har jihatdan maʼqul. Bu tashabbus va tashkilotchilik fakultetlar talabalari va professor - oʼqituvchilari uchun ayni muddao boʼldi, desak mubolagʼa boʼlmaydi.
Universitet matbuot xizmati