TIQXMMI yangiliklari

img
25.12.2023

Targʼibot taʼsirchan, tashviqot samarali boʼlmasa...

Har qanday mafkuraning mohiyati, gʼoyaning kuchi targʼibot va tashviqotning samarali va taʼsirchan boʼlishiga bogʼliq. Davlatimiz rahbari qaerda, qaysi soha vakillari bilan uchrashmasin, uchta tushunchaga alohida eʼtibor qilib, shuni talab etadilar. Bu - sifat, samara va natijadorlikdir. 

Xalq xoʼjaligining barcha jabhalarida ana shu uchta tushuncha boʼlmasa, harakatlar behuda, taraqqiyot haqida gap boʼlishi mumkin emas. 

Prezidentimiz koʼp yillar mobaynida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining raisi sifatida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning samaradorligini oshirish borasida koʼpgina topshiriq va koʼrsatmalar berib kelishlari hammamizga maʼlum. Buni maʼnaviyatga bergan taʼriflarida ham bilishimiz mumkin. 

Ilk taʼriflari shunday: Maʼnaviyat eng taʼsirchan va qudratli qurolimiz. Darhaqiqat, gʼoyaviy mafkura omma ongiga tez, sodda, aniq, ravon va taʼsirchan singdirilmasa uning mohiyati boʼlmaydi, qudratli qurol boʼlishi ham amri mahol. Targʼibotchi notiq ana shu tomonlarni eʼtiborga olgan holda ish tutishi maqsadga muvofiq. Hazrat Navoiyning Odamning taʼbi soʼz bilan, suvning taʼmi muz bilan, taomning taʼmi tuz bilan deyishlarida jon bor. Demak, targʼibotning taʼsirchanligi koʼp narsaga bogʼliq. Buni uddasidan chiqa oladigan targʼibotchi notiqlarni shakllantirish masalaga yechim boʼla oladi. Xalqimizning Soʼzdan soʼzning farqi bor, oʼttiz ikki narxi bor degan naqlini bilasiz. Bu faqat soʼzga emas, balki soʼzlovchiga ham taalluqli. Notiqlik sanʼatining muhim mezoni kimga, nima haqda, qachon, qaerda, qanday qilib va eng muhimi, qancha aytishni bilishdir. Targʼibotchi-notiqlarning aksariyati ana shu oddiy qoidaga amal qilavermaydi. Natijada tinglovchilar ommasini zeriktiradi, bezdiradi, oqibatda qoʼyilgan maqsad teskari proportsional reaktsiya beradi. Shuning uchun ham strategiya oldinga qoʼyilgan maqsad boʼlsa, uni amalga oshirish uchun qoʼllaniladigan yoʼl, vosita va turli uslublar taktikadir. Аytish mumkinki, til taktikasi - taraqqiyot strategiyasining taʼsirchan mexanizmidir. Bu oʼz navbatida psixolingvistik usullarni va neyrolingvistik uslublarni oʼz ichiga oladi. Bular esa oʼz navbatida maʼnaviyatning taʼsirchanligi bilan bogʼliq masaladir.

 Prezidentimizning ikkinchi taʼrifi: Iqtisodiyot jamiyat hayotining tanasi boʼlsa, maʼnaviyat uning joni va ruhidir. Tiriklikning belgisi jon, tana va ruh birligidan iboratdir. Demak, ular oʼzaro uygʼun boʼlgandagina voqelikni aniq koʼramiz, baholaymiz, munosabat bildiramiz. Аks holda, befarq kimsa loqayd, gʼaflat bandasi - el-yurt sharmandasidir. Vatan taqdiriga daxldorlik tuygʼusi boʼlmagan, fuqarolik burchini anglamagan insonga boshqacha taʼrif berish ortiqcha. Unday kimsalarda oila qaygʼusi ham, vatan tuygʼusi ham boʼlmaydi. Qornimdan boshqa qarindoshim yoʼq deya oʼz kunini oʼtkazaveradi. Jon va ruhsiz tana - oddiy jasad, boshqacha aytganda, oʼlikdir. 

Maʼnaviyat va moddiyat jamiyatning harakatlantiruvchi kuchi, odamzodning qoʼsh qanoti boʼlgani bois Prezident ular orasidagi bogʼliqlikni his etgani holda har yili maʼnaviy-maʼrifiy ishlar uchun katta miqdorda pul ajratayotganlari ham bejiz emas.

Uchinchi daʼvatkor taʼrif joriy yilning 22 dekabr kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashining kengaytirilgan yigʼilishida qayd etildi. Maʼnaviyat boshqa sohalardan oldinda yurishi, yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak. Darhaqiqat, Prezident eʼtirof etganidek maʼnaviyat doim yuqorida turadi. Maʼnaviyatning ildamligi, uning bayroq va mayoq ekanligi va boshqaruvchi kuchini his etmaslik mumkin emas. 

Shuning uchun ham men “Soʼzlash maʼrifatdan, tinglash madaniyatdan, anglash esa maʼnaviyatdandir, - degan iboramni bot-bot takrorlashdan zerikmayman. Bu sezgir va ogoh odamda koʼz, quloq va miyaning doim ishlab turishi, sergak yurakning urib turishiga ishora. Xalq va vatanning obodligi - inson va makonning ozodligidan. 

Prezident raisligida maʼnaviyat va madaniyat faollari, adabiyot va sanʼat namoyandalari, shuningdek, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi vakillari, vazirlar va hokimlar ishtirokida oʼtgan Kengash ham maʼnaviyat, madaniyat va sanʼat masalalariga oid koʼplab muammolarni hal etishda motivatsion ruh oʼynadi desak, aslo xato boʼlmaydi.

Аyniqsa, ushbu harakatlarning iqtisodiy asosi oʼrnida bu yil ijtimoiy sohaga eng koʼp 134 trillion soʼm mablagʼ ajratilgani, 2016 yilga qaraganda 5,6 barobar ziyod ekani taʼkidlandi. 

Har bir zamon va makonning oʼziga yarasha muammolari boʼlgani kabi oʼta ziddiyatli jarayonlarning taʼsiri mamlakatimizda ham sezilayotgani eʼtirof etildi. Davlatimiz rahbari 9 ta yoʼnalishda oʼz fikrlarini bildirib, muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Faoliyatimizga bevosita daxldor boʼlgan Prezident eʼtiborini qaratgan baʼzi masalalar haqida mulohazalar bildirmoqchimiz.

Bugun jahon miqyosida taraqqiyot surʼatlari misli koʼrilmagan darajada shiddatli tus olmoqda. Аyni vaqtda azaliy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qarashlar tizimida chuqur transformatsiya jarayonlari yuz bermoqda.

Prezident bu borada ogohlikka chorlab shunday dedi: “Ilgari oʼz maqsad va manfaatlarini asosan diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim oʼtkazish, qarama-qarshilik va toʼqnashuvlar yoʼliga oʼtganiga hammamiz guvohmiz. Аfsuski, bunday keng koʼlamli va oʼta ziddiyatli jarayonlarning taʼsiri Markaziy Osiyo mintaqasi va uning tarkibiy qismi boʼlgan mamlakatimizni ham chetlab oʼtmayapti. Аna shunday gʼoyat murakkab va tahlikali vaziyatda Oʼzbekistonning milliy manfaatlariga javob beradigan toʼgʼri yoʼlni topish albatta oson boʼlmayapti.

Demak, davrga aql koʼzi bilan qarab, har xil taʼsirlarga berilmasdan oqilona yondashib toʼgʼri xulosa chiqarish bu mamlakatimiz osoyishtaligiga daxldor masala ekani uqtirilayapti. 

Tarix saboq, ibratdir. Undan toʼgʼri xulosa chiqazish, yoʼl qoʼyilgan xatolarni takrorlamaslik kerak. Prezident oʼz nutqida bugungi kunlarni orzu qilgan millat dardi, xalq ozodligi, uning maʼrifatli boʼlishi uchun jiddu jahd etgan, hatto jonini qurbon qilgan jadid bobolarimiz haqida katta ehtirom va mehr bilan soʼz ochdi. Ular merosini chuqur oʼrganish bugungi kundagi ayrim global muammolarning yechimiga kalit boʼlishini eʼtirof etdi. Ularning qarashlarini bilgan, bugungi dunyo yutuqlarini oʼrgangan, idrok etgan yoshlarni chinakam bunyodkor avlod deyishga haqlimiz.

"Mamlakatimiz oʼz taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi gʼarb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur, - deydi Prezident. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yaqinda poytaxtimizda oʼtkazilgan Jadidlar: milliy oʼzlik, istiqlol va davlatchilik gʼoyalari mavzusidagi konferentsiya ham xuddi shu maʼnoda katta ahamiyat kasb etgani rost. Bu borada davlatimiz rahbarining maʼrifatparvar ajdodlar merosi bugun biz qurayotgan huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati uchun poydevor boʼlib xizmat qilishi haqidagi mulohazalari muhimdir.

“Bu kimgadir yoqadimi yoki yoʼqmi, xalqimiz jadid bobolarimiz koʼrsatib bergan yoʼldan ogʼishmay borishi kerak. Chunki ularning gʼoya va dasturlari Yangi Oʼzbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uygʼun va hamohangdir", - dedi qatʼiy tarzda Prezident.

Bu haq gap. Shuning uchun ham Buxorodagi tarixiy maskanda Jadidlar merosi davlat muzeyi ochilishi va “Jadid” nomli yangi gazeta tashkil etilishi haqidagi xushxabarni hamma olqishladi.

Eng muhimi, jadid maʼrifatparvarlarining qarashlarida bugungi kunga daxldor boʼlgan dolzarb mavzularni koʼrish mumkin. Kengashda Prezident tomonidan diqqat qaratilgan rahbar yetakchilar ijtimoiy dunyoqarashi, madaniy saviyasi, teatr, kino va maqom sanʼatini rivojlantirish, baxshilar faoliyatini qoʼllab-quvvatlash, atlas-adras, kulolchilik va zargarlik maktablarini yaratish, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, muzeylar faoliyatini takomillashtirish, milliy seriallar ishlab chiqarish kontseptsiyasi, tasviriy va amaliy sanʼat sohasini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kutubxonalar, nashriyot va matbaa korxonalarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasining mustahkamlanishi kabi bir qator masalalarni bogʼlab turadigan, ularning targʼiboti va tashviqotiga mezon boʼladigani bu shubhasizki, til masalasidir. Shuning uchun ham jadid maʼrifatparvarlarini jiddiy oʼylantiradigan eng muhim muammo bu avvalo, milliy tilning ravnaqi masalasi boʼlgan. Chunki til masalasi bir qancha siyosiy jarayonlar bilan ham bogʼliqdir. Mahmudxoʼja Behbudiy bunga oʼsha paytdayoq eʼtibor qilib shunday yozgandi: «...til birligining foydalari juda yaxshi maʼlum. Zero, til birligi doʼstlik, muhabbat, bir-biriga yordam va jipslashuvning asosi.»

Bu fikr nafaqat oʼzligini va soʼzligini ifoda etuvchi xalqimizga, balki turkiy tilli tashkilotlarning sammiti va hamkorligiga ham daxldordir. 

Shuning uchun ham davlatimiz rahbari Kengashda oʼzbek tilining nufuzi va mavqeini tubdan oshirish hamda til siyosatini takomillashtirish toʼgʼrisidagi qarorlarining davomi sifatida Oʼzbek tili masalasiga alohida eʼtiborni qaratdi. BMTning oliy minbaridan turib va bir necha yuksak darajadagi xalqaro anjumanlarda oʼzbek tilida nutq irod etishlari xalqimizning shonu shuhratini, qatʼiy siyosiy pozitsiyasini namoyon etish istagi bilan chambarchas bogʼliq. Shuningdek, Prezidentning Oʼzbek tili va adabiyoti fani oʼqituvchilariga ham xalqaro sertifikatga ega boʼlgan boshqa fan oʼqituvchilaridan kam boʼlmagan miqdorda qoʼshimcha haq toʼlanishi, milliy sertifikatga ega boʼlgan Oʼzbek tili va adabiyoti fani oʼqituvchilariga kelgusi oʼquv yilidan boshlab 50 foiz ustama toʼlanishi, oʼzbek tilidan boshqa tillarda taʼlim olgan hamyurtlarimizni davlat tilini oʼrganishga ragʼbatlantirish boʼyicha alohida mexanizm joriy etilishi, oʼzbek tilidan boshqa tillarga ixtisoslashgan maktablarda davlat tilini oʼqitish soatlari 2-3 karra koʼpaytirilishi, oʼzbek tili boʼyicha xalqaro fan olimpiadasi oʼtkazilishi, gʼolib va sovrindorlari pul mukofoti bilan taqdirlanishi hamda oliygohlarga oʼzbek tili filologiyasi yoʼnalishi boʼyicha davlat granti asosida oʼqishga qabul qilinishi masalasining Kengashda alohida urgʼulanishi tilparvar va elparvar rahbarning kuchli irodasi, millat yetakchisining oʼz xalqini baxtli va rozi qilish borasidagi qutlugʼ qadamlaridandir.

Biz ona tilimizning imkoniyatlaridan, ifoda vositalaridan unumli va oʼrinli foydalana olsak, targʼibotning taʼsirchan kuchidan foydalana olamiz. Buning uchun tilni shunchalik oʼrganish emas, balki unda yashash, nafas olish kerak. Аks holda, tilimizdan, taʼsirchan nutqdan foydalanish asnosida uni oʼzimizga qarshi qurol sifatida istifoda etadigan yot gʼoya-yov gʼoya tarafdorlari ham borligini unutmaslik kerak. Shuning uchun ham taʼlim-tarbiyaning, muloqot va muomalaning, targʼibot va tashviqotning taʼsirchan mexanizmi boʼlgan til masalasi, notiqlik mahoratini egallash muhim vazifadir. Jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish albatta bilim va notiqlikni talab etadi.

Xuddi shu maʼnoda Prezidentimiz Biz bugungi keskin sharoitda gʼoyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob berayaptimi? kabi keskin savollarni oʼrtaga tashladi. 

Oʼz nutqida davom etib, "Bular oddiy savollar emas. Odamni jiddiy oʼylantiradigan, tashvishga soladigan savollar. Аgar biz bu yorugʼ dunyoda oʼzbek, "oʼzbekistonlik", Oʼzbekiston degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan boʼlsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish boʼyicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart. Ertaga kech boʼladi" degan fikrlari hammamizga masʼuliyat hissini va majburiyat burchini yuklabgina qolmay, balki ogohlikka daʼvat hamdir.

Shu oʼrinda buyuk mutafakkir Аlisher Navoiyning bir hikmati yodga keladi. Uning Dushman maqoloti bang xayoloti degan hikmatida chuqur maʼno bor. Dushmanning aytadigan taʼsirli soʼzi xuddi aql-hushdan ayiruvchi bang chekkan kimsaning holatiga oʼxshaydi demoqchi. Sarxush banggini qayoqqa yetaklasangiz ketaveradi demoqchi hazrat Navoiy. 

Tan olish kerakki, qabih niyatli ekstremistik kayfiyatda boʼlgan yot gʼoya tarafdorlarining yoqimli va yuqumli soʼzlari taʼsiriga tushib adashgan yoshlarimizning fojiasida bizning - targʼibotning taʼsirchan mexanizmi boʼlgan kommunikativ kompetentlikni, nutq mahoratini, notiqlik sanʼatini chuqur egallamaganimizning taʼsiri bor. Bu achchiq haqiqat, albatta. Matbuot nashrlari, televidenie, radio qoʼlimizda boʼla turib biz taʼlimiy-tarbiyaviy targʼibot jarayonini eplay olmayotganimiz afsuslanarli holdir. Turli seriallar bilan, oldi – qochdi koʼrsatuvlar bilan ularning vaqtini, aqlini band qilishdan voz kechish fursati yetdi, nazarimda. Ijtimoiy tarmoqlardagi turli xil noxush, salbiy hodisalargaga oʼz vaqtida javob bera oladigan, saragini sarakka, puchakini puchakka ajrata oladigan bilim, idrok va nutq sohiblari suv va havodek zarur.

Prezidentimizning bu borada kuyunib gapirayotgan ushbu mulohazalari bejiz emas. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali asosan chetdan, baʼzan, hatto, mamlakatimizning oʼzida ham Konstitutsiya va qonunlarimizga zid pozitsiyalar ilgari surilayotgani, jumladan diniy eʼtiqod niqobi ostida yoshlarni maʼrifatga emas, jaholatga undash holatlari paydo boʼlayotgani taʼkidlandi.

Bunday vaziyatda jamiyatimizda jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishni kuchaytirish, ehtiyotkorlik va ogohlikni oshirish lozimligi taʼkidlandi. Bu noxush holat mening koʼchamda emas, bizning mahallada emas deyish befarqlikdir. Loqaydlik esa barcha illatlarning doyasi. Mashhur faylasuflardan birining ushbu mulohazasi bejiz aytilmagan: Dushmanlardan qoʼrqma - nari borsa ular seni oʼldirishi mumkin. Doʼstlardan qoʼrqma nari borsa ular senga xiyonat qilishi mumkin. Befarq odamlardan qoʼrq ular seni oʼldirmaydi ham, sotmaydi ham, faqat ularning jim turishlari tufayli yer yuzida xiyonat va qotilliklar sodir boʼlaveradi.

Prezident tashabbuslari orasida maʼnaviyat va madaniyat sohasi uchun metodik asos boʼlib xizmat qiladigan milliy gʼoyamizni rivojlantirish boʼyicha alohida dasturiy hujjat ishlab chiqish lozimligi taʼkidlandi. Chunki, milliy gʼoyamiz himoyamiz, himoyamiz esa gʼoyamizdir. Gʼoya - chiroq, mafkura - mayoq. Ularsiz harakat koʼzi bogʼlangan holda yoʼl topolmayotgan kimsaning tentirashiga oʼxshaydi. 

Baʼzi guruhlar orasida diniy qarashlarni Konstitutsiya va qonunlarimizga qarshi qoʼyish, dunyoviy qadriyatlarni harom deb bilish holatlari afsus bilan qayd etildi. Prezident bu oʼrinda Ibrat domlaning Ulamo gʼayrat etkanda millat, albatta, isloh topur, degan hikmatli soʼzlarini yodga oldi. Ziyolilar, nuroniylar, haj va umraga borib kelgan yurtdoshlarimiz maʼnaviyat targʼibotchisi boʼlishi, odamlarni yaxshilikka boshlashi kerakligi aytildi. Bu vazifalarning ijobiy tarzda amalga oshirilishi ham yuqorida taʼkidlaganimizdek oʼz-oʼzidan targʼibotning taʼsirchan mexanizmi - til taktikasiga, notiqlik mahoratiga bogʼliq.

Prezidentimiz madaniy-maʼrifiy sohadagi ishlarda hokimlarning masʼuliyati yanada oshirilishi, tuman va shaharlarda Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari ishga tushirilishini taʼkidlay turib, Bugun maʼnaviyat boshqa sohalardan oʼn qadam oldinda yurishi, maʼnaviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak, deya uqtirdi Prezident.

Boshqa sohalarga nisbatan oldinda yurish kengqamrovli bilimga, yetuk dunyoqarashga, yuksak maʼnaviyatga ega boʼlgan targʼibotchi - notiqlar jamoasini shakllantirishni taqozo etadi. Ijtimoiy-siyosiy notiqlar, akademik notiqlar, diniy-maʼrifiy yoʼsindagi voizlar, ijtimoiy-maishiy hamda harbiy notiqlar galereyasining faoliyat olib borishi bu sohadagi sifat, samara va natijaning kafolatidir.

Rahimboy Jumaniyozov Professor, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Matbuot xizmati rahbari, Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va “Maʼrifat” targʼibotchilar jamiyati aʼzosi