TIQXMMI yangiliklari

img
05.01.2023

Tan va badan sog‘ligi – vatan boyligi

         Har yili qishki ta’til paytida o‘qituvchilarning faolligi yanada yaqqol seziladi. Ular badan sog‘ligini vatanning boyligi sifatida anglashadi. Shuning uchun ham sportning barcha turlari bo‘yicha musobaqalar uyushtirishadi. “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining sport zallarida ertalabdan boshlab professor o‘qituvchilar jamuljam bo‘lishdi. Ularning aksariyati tomoshabin sifatida emas, balki ishtirokchi sifatida o‘zlarining jismoniy qobiliyatlarini namoyish etishga imkon tug‘ilganidan shod bo‘lishdi. Tadbirda dekanlar, bo‘lim boshliqlari, tyutorlar bilan birgalikda universitet prorektori Ruzimurat Choriev ishtirok etib barchaga omad va muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tiladi.

         Bu borada xotin-qiz professor o‘qituvchilarning faol va yetakchiligiga qoyil qolmasdan iloj yo‘q. Ular “Quvnoq startlar” turkum o‘yinlarini boshlab yuborishdi. Fakultetlararo o‘tkazilayotgan ushbu musobaqa natijalariga e’tibor bering. Voleybol, basketbol va arqondan sakrash kabi o‘yinlar ularning qiziqishlarini yanada orttirdi. Ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan “Quvnoq startlar” ning natijasiga ko‘ra quyidagi o‘rinlar qayd etildi. 1-o‘rin QXM fakulteti terma jamoasiga, 2-o‘rin QSXET fakulteti terma jamoasiga, 3-o‘rin esa GTQ fakulteti terma jamoasi ga nasib etdi.

       

         Ikkinchi zalga o‘tgan zahoti erkaklar orasidagi musobaqa sizning diqqatingizni tortishi tabiiy. O‘zining uzoq tarixi va uch ming yillik boy an’analariga ega bo‘lgan qadimiy arqon tortish musobaqasi barchani birdek qiziqishini orttirdi. Har bir ishtirokchi o‘zining fakulteti sharafini himoya qilish maqsadida jon jahdi bilan musobaqaga kirishib ketishdi. Arqon tortish (erkaklar) bo‘yicha musobaqa natijalari quyidagicha ko‘rsatkichga ega bo‘ldi. QSXET fakulteti terma jamoasi  1-o‘rinni, QXM fakulteti terma jamoasi  2-o‘rinni, GIM fakulteti terma jamoasi esa 3-o‘rinni egalladi. 10 yanvargacha musobaqalar ishlab chiqilgan jadval asosida davom etadi.

Universitet matbuot xizmati