TIQXMMI yangiliklari

img
14.02.2022

Ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 10.12.2021 yildagi PQ-42-son “Iqtisodiyot tarmoqlari uchun muhandis kadrlarni tayyorlash tizimini innovatsiya va raqamlashtirish asosida tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini taminlash maqsadida “Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasi professor-o‘qituvchilari, doktorantlar va magistrantlar joriy yilning 11-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Axborot-tahlil va resurs markaziga tashrif buyurishdi. Tashrifdan asosiy ko‘zlangan maqsad ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi borasida o‘zaro hamkorlikni yo’lga qo‘yish va 70530804-Gidravlika va muhandislik gidrologiyasi magistratura mutaxassisligining malaka talabi, o‘quv rejasidagi majburiy va tanlov fanlari, fan dasturi va silabuslar mavzularining zamon talablariga mosligi, mazmun-mohiyatini muhokama etish bo‘ldi.

Ushbu uchrashuvda ATRM boshlig‘i Sh.Qurbonov, boshliq o‘rinbosari A.Mangliyev, Suv xo‘jaligi vazirligi jamoat kengashi raisi L.Muxammandnazarov hamda R.Saidovlar so‘zga chiqishdi va so‘ngi yillarda respublikamizda suv xo‘jaligi tizimida olib borilayotgan islohotlar, sohaga zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni hamda sohani raqamlashtirish orqali erishilgan yutuqlar haqida ma’lumot berdilar. Muhokama davomida kafedra mudiri t.f.d., prof. A.M.Arifjanov magistratura mutaxassisligining malaka talabi, o‘quv rejasidagi majburiy va tanlov fanlari, fan dasturi va silabuslar mavzulari bo‘yicha tahliliy taqdimotni yig‘ilish ishtirokchilariga namoyish etdi.

ATRM boshlig‘i Sh.Qurbonov “Gidravlik, gidrologik rejalashtirish va loyihalash (Hydraulic Planning And Projects)” fanini kiritish taklifini aytib, mutaxassisligining malaka talabi, o‘quv rejasidagi majburiy va tanlov fanlari, fan dasturi va silabuslar mavzularining mazmun-mohiyati zamonaviy talablarni e’tiborga olib ishlab chiqilganligini e’tirof etdi. Majlis yakunida Suv xo‘jaligi vazirligi jamoatchilik kengashi raisi L.Muxammadnazarov majlis ishtirokchilariga o‘zining “O‘zbekiston Respublikasida irrigatsiya va drenaj tarixi va hozirgi holati” nomli risolasini taqdim etdi.

 Universitet matbuot xizmati