Talabalik - umrning beg'ubor fasli
"Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universiteti psixologi M.K.Muhammedova tomonidan talaba yoshlarga yuksak cho'qqilarni zabt etishlariga qanot bera oluvchi motivatsiya berish maqsadida “Iqtisod”, “Gidrotexnika qurilishi”, “Er resurslari va kadastr”, “Gidromelioratsiya” , “Qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash” fakultetlari Xor jamoasi a'zolari ishtirokida 17 noyabr — Xalqaro talabalar kuni munosabati bilan “Talabalik – oltin davrim” mavzusida tadbir tashkil etildi. Talabalik - umrning beg'ubor fasli, katta hayot sari qadam qo'yish ostonasi, ulkan orzu-umidlar davri. Hayotdagi mana shunday takrorlanmas davr talabalarga o'zliklarini anglashga, jamiyatda o'z o'rnilarini topishga yordam berishi bilan, ularning umr yo'llarida o'chmas iz qoldiradi. Universitet psixologi M.K.Muhammedova o'z nutqida barcha talabalarni bayram bilan qutlab, bayramni nishonlashga sabab bo'lgan tarixiy voqea haqida so'z yuritdi: “Ma'lumki, 17 noyabr— Xalqaro talabalar kuni sifatida keng nishonlanadi. Mazkur kun talaba-yoshlar tomonidan xursandchilik ila nishonlash an'ana tusini olgan. Ammo ushbu kunning kelib chiqish tarixiga nazar solsak, g'oyat fojialidir. Bundan esa ko'pchilik xabardor bo'lmasligi mumkin. Ma'lumotlarga ko'ra, 1939 yil 28 oktyabrda Pragadagi Charlz universiteti talabalari Chexoslovakiya Respublikasi mustaqilligining 21 yillik bayrami munosabati bilan miting o'tkazadi. Ushbu namoyish fashist bosqinchi kuchlari tomonidan shafqatsizlarcha bostiriladi. 15 nafar talaba og'ir yaralanadi va ulardan biri ikki hafta o'tgach, jarohat oqibatida vafot etadi.
Bugun Yangi O'zbekistonimizda yoshlarimizga barcha imkoniyatlar eshiklari ochiq. O'qish, bilim va malakalarini oshirishlari uchun keng sharoitlar yaratilgan, Bundan unumli foydalanib, yoshlar o'z ustida ishlab, zamonaviy bilim va ko'nikmalarga ega bo'lib, axborot texnologiyalari imkoniyatlarini faol qo'llab, yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishlari maqsadga muvofiqdir. Zero, bugungi xalqning ertangi kelajagi yoshlarimizga bog'liq.” Tadbir davomida talabalarimiz “Talabalik – oltin davrim” qo'shig'i ishtirokchilarimiz tomonidan ijro etildi. Tadbir universitet psixologi M.K.Muhammedovaning: “Hurmatli talaba yoshlar!!! Sizlar Uchinchi Renessansga poydevor qo'yib, bugungi Yangi O'zbekistonimizning yanada gullab yashnashiga o'z hissangizni qo'shmog'ingiz zarur!!! Barchangizni talabalar kuni bilan yana bir bor qutlab, sihat-salomatlik va muvaffaqiyat tilayman. Yurtimizga va jamiyatimizga manfaatli, har tomonlama yetuk salohiyatli kadr bo'lishingizga tilakdoshman!!!”, degan tantanavor so'zlari bilan yakuniga yetdi.
Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti
TIQXMMI MTU matbuot xizmati