Talabalar mamnun bo‘lishdi
Bahoriy ne’matlarning totli bo’lishi jamoaning jamuljam, dillarining shod-u xurram bolishi navro‘ziy hissiyotga bogʻliqligi ayon.
Mehr-muruvvat va saxovat koʻrsatish, yordam qo’lini cho’zish yilning barcha fasllarida oʻz mohiyatini namoyish etgani kabi bahor ayyomida, ayniqsa, navroz kunlarida alohida ahamiyat kasb etadi.
Kuni kecha "Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" milliy tadqiqot universitetining talabalari uchun beshta doshqozonlarda 210 kilogramm guruch damlab osh tortildi.
Undan oldin ular uchun tayyorlangan sumalak ham tortiq qilingandi. Talabalarning bu muruvvat va ehsondan boshlari koʻkka yetdi. Ayniqsa, turli xildagi ko‘kat, zirovarlaru salatlar totli taomga ishtaha va maza kiritishini talabalar yana bir bor his etishdi. Universitet rahbariyatiga minnatdorchilik bildirishdi. Kechqurun osh tortilishida prorektoru dekanlar barchaga teng taqsimlanishini nazorat qilib turishdi.
Hazmi taomdan so‘ng, TTJ oldida chinakam bayramona konsert dasturi boshlandi. Tadbir oldidan universitetning birinchi prorektori R.Choriyev talaba yoshlarni tabriklab universitet rahbariyatining yoshlar uchun hamisha barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratishda bardavom ekanligini ta’kidlab o’tdi. So’ngra dilbar kuy va qo‘shiqlar barchani raqsga chorladi. Talabalarning mamnunligidan barchamiz xursand bo’ldik.
"TIQXMMI" milliy tadqiqotlar universiteti matbuot xizmati