TIQXMMI yangiliklari

img
02.04.2022

Talaba-yoshlarning odob-axloq qoidalari toʼgʼrisida

Bugun “Yer resurslarini boshqarish” fakulteti maʼruzalar zalida Yoshlar bilan ishlash boʼyicha dekan muovini H.Eshova hamda fakutet tyutiri M.Vafoivalar tashabbusi bilan oʼtkazilgan tadbir shu kabi masalalarga qaratildi. Аytib oʼtish joizki, aʼlo oʼqiyotgan, xalqaro miqyosdagi musobaqalarda sharafli oʼrinlarni egallab kelayotgan yoshlarimizni koʼrganimizda, Vatanimiz, millatimiz, xalqimiz kelajagi ana shunday iqtidorli yoshlar qoʼlida ekanidan, har birimiz cheksiz faxr va iftixor tuygʼulariga burkanamiz, albatta.

Biroq, tanganing ikkinchi tomoni boʼlgani kabi, talabalikka, aniqrogʼi, oliy maʼlumotli boʼlishga intilayotgan oʼgʼil-qizlarimizning maʼnaviy-axloqiy darajasi qay darajada ekanini bilish ham muhim ahamiyatga ega. Koʼchalarni toʼldirib yurib, beodoblarcha xoxolab kulayotgan, ayni holatni koʼrib, tanbeh bergan yoki bermoqchi boʼlgan kattalarga nisbatan qoʼpol, qoʼrs munosabatda boʼlayotgan ayrim qizlarimizni koʼrib, hayratdan yoqa ushlab qolasan, kishi. Bunday yigit-qizlarimiz oʼz uyi yoki mahallasida ham oʼzini shunday tutarmikan, nahotki ularning ota-onalari farzandlariga shunaqa “ovroʼpocha” tarbiya berishgan boʼlsa, degan haqli savollar, koʼpincha, yurakka xanjar sanchgandek boʼlaveradi.

Аslini olganda, talaba degani, bekamu koʼst ijobiy fazilatli shaxs degani emasligi ham ayon haqiqat. Ularning ichida tarbiyaga muhtoj, zararli odatlarga mukkasidan ketgan yoshlar yoʼqligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Bunday talabalar esa, tevarak-atrofdagi boshqa tengdoshlari feʼl-atvoriga salbiy taʼsir koʼrsatmaydi, deb boʼlmaydi. Bugungi kunda, zamonaviy dunyo ilm-fanlari yutuqlarini mukammal darajada egallagan talaba, ertangi Oʼzbekiston uchun eng mustahkam tayanch, qoʼrgʼon boʼlmaydimi, axir?! Yoshlik, demakki, talabalik davri bu yuksak gʼayrat-shijoatni namoyon etish pallasi emasmi? Shunday ekan, uning har bir lahzasidan oʼz oʼrnida va samarali foydalanib qolish, sizni dorilamon baxtu saodat qasri tomon boshlab borishiga aslo shubha qilmang! Oʼyin-kulgining ham oʼz vaqti, oʼz oʼrni boʼladi. Аmmo har qanday vaziyatda ham, mazkur jarayon odob-axloq doirasidan chiqmasligi, atrofdagilarga salbiy taʼsir koʼrsatmasligi muhim ahamiyatga egali toʼgʼrisida talabu-yoshlarga maʼlumotlar berib oʼtishdi.

Universitet matbuot xizmati